Ekologiyaga oid masalalarni keng yoritish, aholining ekologik madaniyatini oshirish maqsadida “Ekologiya portali” axborot tizimi “gov.uz.eco” –vazirlikning veb-sayti ishga tushirilgan.
Qayd etilishicha, yangi ekilgan daraxt va butalarni monitoring qilish, noqonuniy kesilishining oldini olish maqsadida “Yashil makon” yagona elektron axborot tizimi yaratilgan. Shuningdek, ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida idoralararo integratsiyalashgan maxsus platformalar ishlab chiqilgan.
Jumladan, maishiy chiqindilar uchun majburiy to‘lovlarni undirishda zamonaviy texnologiyalar ko‘magida “ekopay.uz” tizimi joriy etildi. Davlat ekologik ekspertizasi jarayonida hujjatlarni elektron qabul qilish, xulosalar berish bo‘yicha “eco-service.uz” tizimi ishga tushirildi. Chiqindilarni boshqarish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, suv muhofaza zonalari, o‘rmon fondi yerlarida noqonuniy qurilmalarni monitoring qilib borish maqsadida “O‘zbekkosmos” agentligi bilan hamkorlikda “gis.uzspace.uz” platformasi yaratildi. Tizim tegishli vazirlik va idoralar bilan integratsiya qilindi. Vazirlik faoliyatining tezkor va shaffofligini ta’minlash, aholi, tadbirkorlik sub’ektlari bilan elektron hamkorlik samaradorligini oshirish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali (YAIDXP) 10 turdagi davlat xizmati ko‘rsatilmoqda.
Hozirgi kunda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘simlik va hayvonot dunyosi ob’ektlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, chiqindilarni utilizatsiya qilish joylarining davlat kadastrlari yuritib kelinmoqda.
Shuningdek, hayvonot va o‘simlik dunyosi ob’ektlarining hisobi, monitoringi va kadastrini yuritish va ma’lumotlar bazasini shakllantirishda foydalanish uchun yagona klassifikator ishlab chiqildi. “Bioxilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha axborotni boshqarish tizimi” –“bcims.uznature.uz” geoportali yaratildi. Kadastr agentligining Davlat kadastrlari yagona tizimi –“map.geoportal.uz” geoportali bilan integratsiya qilindi. Bu borada ma’lumotlar bazasini shakllantirish maqsadida mutaxassislar zamonaviy uchuvchisiz uchish apparatlari bilan ta’minlandi. Ushbu maxsus platformalardan olingan tegishli ma’lumotlar ochiq ma’lumotlar portalida doimiy e’lon qilib borilmoqda.
Kelgusida ekologiya sohasida xizmatlarni sifatli olib borish maqsadida yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasini yuritish, respublikadagi ekologik vaziyatni baholash va prognoz qilish uchun yagona monitoring tizimi ishga tushiriladi. Vazirlikning mavjud yo‘nalishlarini raqamlashtirishda jami 8 ta axborot tizimi joriy etiladi hamda elektron hukumatni rivojlantirish maqsadida vazirlik tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari aholi uchun soddalashtiriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122405 | Инструменты