2024-yilning yakuniga qadar O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlash uskunalari uchun alohida hisoblagich o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 11-iyul kuni "Hududiy elektr tarmoqlari"da o‘tkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
HET boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari Alvar G‘aybullayevning taʼkidlashicha, bugungi kunda mamlakatda elektromobillar ko‘payishi hisobiga odamlar o‘z elektromobilini quvvatlash uskunalari uchun alohida hisobraqam ochishni so‘ramoqda.
"Chunki fuqarolar yashashi uchun alohida, elektromobili uchun alohida elektr energiyasi ishlatishni xohlayapti. Biz hisob ochishda Toshkent va Samarqand shaharlarida muammoga uchrayapmiz. O‘rnatilgan bitta hisoblagich bir nafar isteʼmolchida (fider) bitta transformatordan elektr energiyasini oladi. Shunday joylar bo‘layaptiki, ayrimlar elektr energiyasi yo‘qligi uchun ikki, uch tomonlama ulab olmoqda. Lekin uning hisobi bizdan (HETdan) chiqib ketadi. Chunki bitta hisoblagich, bitta transformatordagi maʼlumot yig‘uvchi konsentratorga bog‘langan. Mana shu kabi holatlarning oldini olish uchun tegishli mutasaddilarga barcha takliflarimizni kiritganmiz", — dedi Alvar G‘aybullayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, elektromobillarga elektr energiyasini yetkazib berish faqat hisobraqam ochish bilan bog‘liq emas.
"Butun tizimdagi hamma uskunalarni hatto simning kesishmasigacha kengaytirib chiqishimiz kerak. Nimaga? Masalan, o‘z hovlisiga quvvatlash uskunasini o‘rnatgan fuqarolar elektromobilini quvvatlatlantirganida simlar qizib, yonib ketayotganini aytib, shu bo‘yicha savollar yubormoqda. O‘tgan yili anomal sovuqda ham nima uchun ko‘p qavatli binolarda kabellar yonib ketdi? Chunki bizlarda 70−80 yillarda qurilgan uylarning simi kesishmasi uydagi bitta muzlatgich va televizorga hisob-kitob qilingan, o‘sha payt uchun bu to‘g‘ri qaror bo‘lgan", — dedi u.
Korxona rasmiysining aytishicha, hozirgi kunda ko‘p qavatli uylardagi har bitta xonaga konditsioner va boshqa jihozlar o‘rnatilyapti, bu esa o‘sha uylar yo‘lagidagi simlar kesishmasiga to‘g‘ri kelmaydi, natijada u qiziydi va ishdan chiqadi.
"Bu kabi simlarni butunlay almashtirish uchun loyiha institutlariga topshiriqlar berilgan. Xususan, elektromobillarni quvvatlantirish borasida simning yirik liniyalarda ham kesishmasini hisobga olish topshirilgan", — dedi mutaxassis.
Unga ko‘ra, qish paytida — anomal sovuqda birdaniga hamma joyda kabellarning erib ketishiga sabab 3−4 baravar ko‘p elektr enegiyasining qabul qilinishidir. "Loyiha instituti simlarning yoki transformatorning kesishmasini 3−4 barobarga ko‘p hisoblay olmaydi, uning ham meʼyori bor", — dedi Alvar G‘aybullayev.
Uning qayd etishicha, hozirda elektrmobillarga alohida hisob ochish va uni alohida yuritish masalasi ko‘rib chiqilmoqda, bu bo‘yicha topshiriq berilgan. Ushbu tartib 2024-yildan yo‘lga qo‘yiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 103013 | Инструменты