O‘zbekistonda Eltech Industrial texnoparki tashkil etilmoqda. Maqsad — “yangi turdagi yuqori texnologiyaga asoslangan elektrotexnika mahsulotlari va ularning butlovchi qismlarini o‘zlashtirish”. Bu prezidentning 10-yanvardagi qarorida ko‘zda tutilgan.
Texnopark Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi Ohangaron Tech Industrial texnoparki negizida tashkil etilmoqda. Hozirda bu texnopark turdosh tarmoqlarda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mis mahsulotlari va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy-texnik klasteri hisoblanadi.
Texnopark hududi doimiy foydalanish huquqi asosida qo‘shimcha 214 gektarga — 352 gektargacha kengaytirilmoqda. Inshoot mis mahsulotlari yetkazib beruvchi korxona — Olmaliq kon-metallurgiya kombinatidan 23,3 km uzoqlikda joylashgan.
Shuningdek, Eltech Industrial texnoparki boshqaruvi direksiyasiga Urganch shahridagi “Al-Xorazmiy” majmuasi hududidan 4 gektar, Farg‘ona shahridagi “Eko shahar” hududidan 10 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer maydonlari ham beriladi.
Texnoparkni boshqarish uchun sohada ilg‘or tajribaga ega xalqaro konsalting kompaniyasini jalb etish ko‘zda tutilgan.
Texnoparkni tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari (yetkazib berish, ko‘chirish hamda zarur infratuzilmani yaratish) bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar 2024-yilga mo‘ljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshiriladi.
Shuningdek, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi tuproq boniteti 64,1 ball bo‘lgan 2 gektar sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari sanoat va boshqa maqsadlardagi yerlar toifasiga oshxona havo tortish qurilmalari ishlab chiqarish uchun o‘tkaziladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90710 | Инструменты