Toshkent shahrida Fuqarolikka ega emaslik masalalari bo‘yicha tahliliy ma’ruza va Parlamentlararo Ittifoq hamda BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining parlament a’zolariga mo‘ljallangan fuqarolik va fuqarosizlik masalalariga oid yo‘riqnomasi o‘zbek tilidagi nashrining taqdimoti bo‘ldi.
Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi bilan BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.
Milliy markaz matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, taqdimotda Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati a’zolari, Tashqi ishlar, Ichki ishlar va Adliya vazirliklari, Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili devoni, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari va boshqa hamkorlar ishtirok etdi.
Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, BMTning O‘zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Konsuelo Vidal Bryus, BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Xans Fridrix Shodder kirish so‘zi bilan ochdi.
Ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston hukumati mamlakatimiz hududida fuqarolikka ega emaslik holatlarini kamaytirish va tugatish yo‘lida qat’iy qadamlar qo‘ymoqda. Mamlakatda 2014 yildan e’tiboran yuz ming nafardan ziyod shaxsning fuqarolikka ega emasligi aniqlangan bo‘lib, o‘tgan davrda shundan 83 ming 793 nafarining bu muammolari ijobiy hal etilgan”.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Uchinchi qo‘shma yillik rejasi doirasida O‘zbekistonning fuqarolik va fuqarolikka ega emaslik to‘g‘risidagi milliy qonunchiligi har tomonlama huquqiy tahlil qilindi. Shuningdek, qonunchilik bilan amaliyotni uyg‘unlashtirishga oid kelgusidagi chora-tadbirlar tavsiya etildi.
Fuqarolik va fuqarolikka ega emaslik bo‘yicha parlament a’zolariga mo‘ljallangan yo‘riqnoma – global nashr bo‘lib, unda fuqarolikka ega emaslik ko‘lamini qisqartirishga taalluqli amaliy qadamlar bayon etilgan. Nashrda uzoq muddatga cho‘zilgan fuqarosizlik vaziyatiga maqbul yechim topishda hukumatlar, fuqarolik jamiyati va xalqaro hamjamiyatning birgalikdagi sa’y-harakatlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etganiga oid hayotiy misollar ham keltirilgan.
Ma’lum qilinishicha, 2023 yil birinchi yarmidagi holatga ko‘ra, O‘zbekistonda 25 ming 413 nafar fuqarolikka ega emas shaxs yashaydi. Bu – Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar orasida eng katta ko‘rsatkich bo‘lib, ayni shaxslarning aksariyati sobiq Sovet ittifoqining sobiq fuqarolari va ularning avlodlari hisoblanadi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi 2020 yildan buyon BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Bunda Universal davriy hisobotning fuqarolikka ega emaslik holatlarini kamaytirish va tugatish hamda qochoqlarni himoya qilishga taalluqli tavsiyalarini bajarishda O‘zbekistonning mavjud salohiyatini rag‘batlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11214 | Инструменты