Afg‘onistonning “Tolibon” harakati qo‘shni Pokiston tomonidan tashkil etilgan musulmon olamida qizlar ta’limi bo‘yicha global sammitda ishtirok etmaydi. Bu haqda Pokiston ta’lim vaziri Xolid Maqbul Siddiqiy ma’lum qildi.
“Biz Afg‘onistonni taklif qildik, ammo afg‘on hukumatidan hech kim konferensiyaga kelmadi”, dedi Siddiqiy.
Islomobodda 11-yanvar kuni “Musulmon jamoalarida qizlarning ta’limi: muammolar va imkoniyatlar” mavzusida ikki kunlik xalqaro konferensiyaga start berildi. Unda 47 mamlakatdan 150 ga yaqin vakil ishtirok etmoqda. Ishtirokchilar orasida tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Malala Yusufzay ham bor.
“Men barcha qizlarning maktabga borish huquqini himoya qilish hamda rahbarlar nima uchun “Tolibon”ni afg‘on ayollariga qarshi jinoyatlari uchun javobgarlikka tortishlari kerakligi haqida gapiraman”, deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11215 | Инструменты