O‘zbekistonda vabo kasalligiga qarshi profilaktik ishlar qanday amalga oshiriladi?
Sanitariya-epidemiologiya xizmati axborot xizmatining ma'lum qilishicha, bugungi kunda, vabo kasalligi O'zbekistonda qayd etilmagan, epidemik vaziyat barqarorligi ta’minlanmoqda.
Qayd etilishicha, vabo profilaktikasida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, ifloslangan oqava suvlarni muntazam ravishda zararsizlantirish, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarda sanitariya-gigiyena qoida va talablariga qat’iy ravishda amal qilishning ahamiyati katta.
Kasallik mavsumiy xususiyatga egaligi sababli, issiq kunlarda, har haftada ochiq suv xavzalaridan namunalar olinib, vabo vibrionlari va shu oilaga yaqin vibrion(AG va NAG vibrionlar)larga tekshirilishi amalga oshirib kelinadi.
AG vibrionlari – bu to‘g‘ridan to‘g‘ri vabo kasalligini keltirib chiqaradigan vibrionlar sanaladi.
NAG vibrionlari – bu seroguruhlarning vibrionlari ochiq suv havzalarida tabiiy ravishda uchraydigan va turli darajadagi o‘tkir ichak yuqumli kasalliklari (O‘IYUK) qo‘zg‘atuvchisi sifatida keng tarqalgan.
Ta'kidlanishicha, O'zbekistonda doimiy ravishda tashqi muhit ochiq suv havzalaridan AG, NAG vibrionlariga laboratoriya tekshirishlari o‘tkazilib turiladi. Laboratoriya tahlillarida bunday vibrionlar aniqlangan hududlarda kasallikning aholi o‘rtasida kelib chiqishi va tarqalishini oldini olish bo‘yicha bir qator tadbirlar amalga oshiriladi. Jumladan:
- yuqumli kasalliklar shifoxonalarida, oral-regidratatsiya punktlarida o‘tkir diareyaga chalingan bemorlarni Sog‘liqni saqlash vazirining amaldagi buyruqlari talablari asosida vaboga tekshirilishi tashkil etiladi;
- kasallik mavsumida har bir diareya kasalligiga chalingan bemorlar yuzasidan chuqur epidemiologik surishtiruv ishlari o‘tkaziladi.
Shuningdek mavsumda o‘tkir ichak yuqumli kasalliklarning sonini ortishini inobatga olgan holda:
- Sanitariya-epidemiologiya xizmatining maxsus laboratoriyalari vabo kasalligini tashhisoti bo‘yicha namunalarni muntazam olib tahlil qilinmoqda. Buning uchun kerakli jihozlar, reaktivlar va ozuqa muhitlari bilan yetarli miqdorda ta’minlangan, laboratoriya mutaxassislarini qayta tayyorgarlikdan o‘tkazilgan;
- kasallikka chalingan (gumon qilingan) bemorlarni yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizish maqsadida shifo-o‘rinlari zaxirasi tashkil etilgan;
- vabo kasalligiga chalingan bemorlarini davolash ishlarini tashkil etish uchun zarur dori vositalari zaxirasini yaratilgan.
Vabo kasalligi – bu, vibrion mikroorganizmlari keltirib chiqaradigan, karantin, o‘ta xavfli yuqumli ichak kasalliklari turiga kiradi. Kasallik ingichka ichakning zararlanishi, diareya bilan kechadi, bu inson organizmida suvsizlanish va qon tomirlari yetishmovchiligini keltirib chiqaradi. Vabo vibrioni bemorning axlati, qusug‘i, ba’zan siydigi bilan tashqariga chiqadi. Vibronlar tushgan suv va oziq-ovqatni iste’mol qilish natijasida vabo yuqadi.
Avvalroq, “O‘zsuvtaʼminot” AJ aholi orasida ichimlik suvi quvurlari va jo‘mraklar orqali vabo kasalligi tarqalishi mumkinligi to‘g‘risida tarqalayotgan xabarlar yuzasidan izoh berib, ushbu xabarlar mutlaqo asossiz ekanligini qayd etgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51100 | Инструменты