Turizm qo‘mitasi hamda "Stixiya" elektron musiqa, san’at va fan festivali bilan hamkorlikda 2025-yil 11-13-sentyabr kunlari Nukus shahridan 200 km uzoqlikda joylashgan go‘zal Borsakelmas sho‘rxokligida noyob "YONAR" tadbirini tashkil etmoqda. Bu turizmni rivojlantirishdagi navbatdagi qadam bo‘lib, nafaqat butun dunyo sayyohlari va ijodkorlarining e’tiborini jalb etadi, balki mintaqaning jadal rivojlanayotgan madaniyat va innovatsiyalar markazi sifatidagi imidjini mustahkamlaydi, iqtisodiy o‘sish va barqaror taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
"YONAR" shunchaki ijodiy va san’at instalyatsiyalari ko‘rgazmasi emas, balki mintaqaning madaniy boyligini namoyon etadigan va xalqaro hamjamiyat e’tiborini jalb qiladigan innovatsion sayyohlik loyihasidir. Festival o‘z g‘oyasi bilan mashhur "Burning Man"ga o‘xshash bo‘lib, bu ijodiy turizmni rivojlantirish va butun dunyodan rassom, musiqachi hamda ijodiy jamoalarni jalb etish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Birinchi "YONAR" doirasida kamida beshta yirik instalyatsiya barpo etish mo‘ljallangan. Ishtirokchilar an’anaviy o‘tov yoki chodirlarda yashaydilar, elektr ta’minoti esa generatorlar yordamida amalga oshiriladi. Festivalning o‘ziga xos jihati shundaki, unda savdo-sotiq mutlaqo yo‘q: yashash va ijod qilish uchun barcha zarur sharoitlar jamiyatning o‘zi tomonidan yaratiladi va baham ko‘riladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82800 | Инструменты