Huawei 1
O‘zbekistonda yetishtirilayotgan 6 ta qo‘shimcha turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun Hindistondan imtiyozli kreditlar jalb qilinadi

25-26-sentabr kunlari Samarqand shahrida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashining Yillik yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Tadbir arafasida Samarqandga OIIBga aʼzo bo‘lgan 100 dan ortiq davlatdan yuqori martabali mehmonlar kelishi davom etmoqda. Tadbir arafasida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Hindiston Respublikasi Moliya va korporativ aloqalar vaziri Sitharaman Nirmala bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida Hindiston bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Oxirgi besh yil ichida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga oshib, 2023-yil oxiriga kelib 756 million dollarni tashkil etdi. Yil boshidan esa yana 30 foizga o'sish kuzatildi. 2019-yildan buyon qo‘shma korxonalar soni qariyb 2,5 barobar oshib, 317 taga yetdi. Shu yil boshidan mamlakatimizda Hindiston kapitali ishtirokida 51 yangi korxona ishga tushirildi.

Tomonlar O‘zbekistonda yetishtirilayotgan 6 ta qo‘shimcha turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga fitosanitariya ruxsatnomalarini olish jarayonini faollashtirish, ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirish uchun Hindiston Eksimbankining imtiyozli kreditlarini jalb qilish bo‘yicha bir qator o‘zaro chora-tadbirlarga kelishib oldilar.

Axborot texnologiyalari, farmatsevtika, tibbiyot, yengil sanoat va ta’lim sohalarida Hindistonning yirik kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish istiqbollari alohida muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish muddatlarini kelishib oldilar, unda barcha muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi “Qo‘shma dastur”ni imzolash rejalashtirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92515 | Инструменты