Huawei 1
"Mahsulot yetkazish zanjiridagi uzilishlar xomashyo va isteʼmol tovarlarining qimmatlashishiga sabab bo‘lyapti" — Shavkat Mirziyoyev

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida o‘tayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining to‘qqizinchi yillik yig‘ilishida nutq so‘zlamoqda.

Davlat rahbari Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi mintaqamizda ilk bor o‘tkazilayotganini taʼkidladi: 

“Bu nufuzli anjumanning navbatdagi, to‘qqizinchi majlisi uchun aynan O‘zbekiston tanlanganini biz o‘zaro hurmat va ishonchga asoslangan hamkorligimizning yuksak namunasi, deb bilamiz”.

So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston muhim global va mintaqaviy masalalarni muhokama qilish, ularga samarali yechimlar topish uchun xalqaro muloqot maydoniga aylanib borayotgani qayd etildi.

OBIIning yillik yig‘ilishida ham dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlaridan 2 mingga yaqin vakil qatnashmoqda.

“Hech kimga sir emas, dunyodagi tahlikali vaziyat kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Hozirda jahondagi murakkab geosiyosiy vaziyat, global iqtisodiyotdagi beqarorlik, oziq-ovqat va energiya resurslari tanqisligi, kambag‘allik, ekologiya muammolari tobora o‘tkir tus olib bormoqda.

Masalan, o‘rtacha global harorat 2040 yilga qadar 1,5 darajaga ortishi prognoz qilingan edi. Lekin hozirgi vaziyatda bu holat 2030 yildayoq yuz berishi mumkinligi bizni jiddiy xavotirga solyapti.

Dunyo aholisining to‘rtdan bir qismi toza ichimlik suvi muammosiga duch kelmoqda. Iqlim o‘zgarishi surʼatlari tezlashishi oqibatida oziq-ovqat tanqisligi global xavfga aylandi. Natijada dunyoda 800 millionga yaqin aholi o‘ta og‘ir kambag‘allik sharoitida yashayapti.

Turli mintaqalarda avj olayotgan ziddiyatlar bois anʼanaviy logistika yo‘nalishlari mutlaqo o‘zgaryapti. Mahsulot yetkazish zanjiridagi uzilishlar xomashyo va isteʼmol tovarlarining qimmatlashishiga sabab bo‘lyapti”, dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari bularning barchasi mavjud infratuzilmaga bo‘lgan yuklamani keskin oshirishi va global iqtisodiy taraqqiyotga katta to‘siq bo‘lishini qayd etdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92517 | Инструменты