Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov YouTube platformasi hamkori, IT-mahsulotlar va xizmatlarni yaratish bo‘yicha bozor yetakchilaridan biri bo‘lgan Kanadaning "AIR Media Tech" kompaniyasi rahbari Stepan Mixaylov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi YouTube platformasi imkoniyatlari va kreativ iqtisodiyot sohasidagi masalalarni muhokama qilishdan iborat edi.
Unda ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlarini aniqlash, yangi raqamli yechimlar yaratish va O‘zbekistonda kreativ sanoatni rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash masalalariga eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv avvalida kompaniya faoliyati haqida kengaytirilgan taqdimot o‘tkazildi. Unda kompaniyaning global miqyosdagi tajribasi va YouTube platformasidagi kreativ va biznes faoliyatni qanday rivojlantirish borasida muvaffaqiyatli strategiyalar taqdim etildi.
Shuningdek, kompaniya kreativ iqtisodiyotning boshqa sohalariga ham katta eʼtibor berib, raqamli kontent yaratish va tarqatishda yangi yondashuvlarni ishlab chiqish ustida ishlar olib borilayotgani taʼkidlandi.
O‘zbekistondagi raqamli texnologiyalar va ijodiy iqtisodiyotning salohiyatini oshirish, shuningdek, platformaning yangi yondashuvlarini o‘rganish, O‘zbekistonda YouTube kabi platformalarni yana-da rivojlantirish uchun kerakli huquqiy va texnologik infratuzilma yaratish masalalari ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, kreativ soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash va ular uchun raqamli xizmatlar yaratish masalalari ko‘rib chiqildi. Raqamli texnologiyalarni sohalarga ham keng joriy qilish O‘zbekistonda yangi ish o‘rinlari va innovatsion loyihalar yaratishga yordam berishi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va kreativ iqtisodiyot sohasida innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha kelajakdagi rejalari haqida fikr almashdi. Kelgusida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish uchun aniq qadamlar belgilandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111615 | Инструменты