Huawei 1
Oliy sud: 2024-yilda mingga yaqin hokim qarorlari haqiqiy emas deb topildi

2024-yilda maʼmuriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 15 373 ta ish ko‘rib chiqildi. Buning natijasida 6 338 ta fuqaro va yuridik shaxslarning huquqlari tiklandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi

Hisobot davrida maʼmuriy va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, mansabdor shaxslarining qarorlari ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi 6 991 ta ish ko‘rib chiqildi. Xususan, hokim qarorini haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq ko‘rib tamomlangan ishlar soni 2 720 tani tashkil qilib, shundan jismoniy va yuridik shaxslarning 933 ta arizasi qanoatlantirilgan.

Viloyat va unga tenglashtirilgan maʼmuriy sudlar tomonidan apellyatsiya tartibida 3 174 ta ish ko‘rib chiqildi. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 385 ta qaror bekor qilinib, 14 ta qaror o‘zgartirildi. Kassatsiya tartibida 1 208 ta ish ko‘rib chiqildi. Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 130 ta qaror bekor qilinib, 4 ta qaror o‘zgartirildi. Taftish tartibida 1 649 ta ish ko‘rib chiqildi. Quyi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 141 ta qaror bekor qilinib, 2 ta qaror o‘zgartirildi.

Oliy sudning Maʼmuriy ishlar bo‘yicha sudlov hayʼati tomonidan taftish tartibida 2 132 ta shikoyat va protest o‘rganib chiqilib, shundan 309 tasi ish materiallari asosida ko‘rib chiqildi. Natijada quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlarning 95 tasi bekor qilindi.

Eslatib o'tamiz, bundan oldin ma'muriy sud ish yurituvida dastlabki eshituv instituti joriy etilishi haqida xabar bergan edik

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20416 | Инструменты