Avvalroq, Toshkent shahridagi “Jar” stadionida blogerlar va san’atkorlar o‘rtasidagi futbol turnirida ommaviy janjal chiqqani xabar qilingan edi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 29 may kuni taxminan soat 21:00 larda Shayxontohur tumani “Jar” o‘yingohida LikeCup loyihasi doirasida san’atkorlar va blogerlar o‘rtasida futbol bo‘yicha o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. O‘yin yakunlanganidan so‘ng 2004 yilda tug‘ilgan O.O‘. ijtimoiy tarmoqlarda obunachilarini ko‘paytirish va ushbu o‘yinga ommani e’tiborni yanada ko‘proq jalb qilish (piar) maqsadida go‘yoki jamoalar o‘rtasida janjal kelib chiqqanini sahnalashtirishgan.
Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi tomonidan tekshiruv o‘tkazilib, turnir ishtirokchilari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan. LikeCup loyihasi doirasida yuz bergan yuqoridagi holat jamoatchilik o‘rtasida keskin e’tirozlar keltirib chiqargani va huquqbuzarlik sodir etilishiga sabab bo‘lgani uchun loyiha vaqtincha to‘xtatilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan loyiha tashkilotchilari, ushbu janjalni sahnalashtirganlar va unda ishtirok etganlarning barchasining shaxsi aniqlanib, ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudiga yuborilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60103 | Инструменты