Huawei 1
Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritildi

Vazirlar Mahkamasi 12-sentyabr kuni ommaviy tadbirlar o‘tkazishda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash va favqulodda vaziyatlarning oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.

Hujjatda qayd etilishicha, ayrim ommaviy tadbirlarni o‘tkazish jarayonida ishtirokchilar "jamoat xavfsizligiga va fuqarolar xavfsizligiga xavf soluvchi" xatti-harakatlarni ko‘paytirmoqda.

Bunday holatlar ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda, ayniqsa, yopiq joylarda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rishni taqozo etmoqda, deyiladi qarorda.

Qoidalarga kiritilgan o‘zgartirishlar quyidagilarni nazarda tutadi:

- ommaviy tadbirlarni o‘tkazish obyektini tanlashda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, shuningdek, ularga tahdid soluvchi vaziyatlarda fuqarolarning evakuatsiyasini samarali tashkil qilish uchun sharoitlar mavjudligini hisobga olish;

- tomoshabinlar va boshqa ishtirokchilarni favqulodda vaziyatlarda evakuatsiya qilish tartibi, yo‘llari va yo‘nalishlari to‘g‘risida xabardor qilish;

- obyektga kirish-chiqish xavfsizligini, obyektga borish va kirish joylarida avtomobillar harakatini cheklaydigan fizik to‘siqlar o‘rnatilishini taʼminlash.

Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalariga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endi zarurat bo‘lganda, ommaviy tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish komissiyasi ommaviy tadbirni tashkil etish va o‘tkazish davrida muhandis-texnik kommunikatsiyalar xavfsiz ishlashini, energiya taʼminoti va yong‘in xavfsizligini, yo‘l harakati xavfsizligi, ishtirokchilarning evakuatsiya qilinishini va favqulodda vaziyatlarning oldi olinishini taʼminlash guruhlarini tashkil etishi mumkin.

Ishchi guruh nafaqat ob-havo sharoitiga qarab, balki xavfli tabiat hodisalari va texnogen avariyalarning yuzaga kelishi prognozlarini ham tekshirishi kerak.

Ommaviy tadbir tashkilotchisi favqulodda vaziyatlarning oldini olish choralarini ko‘rishi, bunday tahdidlar mavjud bo‘lganda esa fuqarolarni samarali evakuatsiya qilish uchun sharoit yaratishi shart.

Ommaviy tadbirlarga tashrif buyuruvchilarga favqulodda vaziyatlarda vahima qo‘zg‘atmaslik, ularni evakuatsiya qilishga xalaqit beradigan harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik hamda tadbir o‘tkaziladigan joy maʼmuriyati, ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va FVVning qonun hujjatlari talablariga rioya etishi shart.

Ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan joy maʼmuriyati vahima ko‘tarilishi va evakuatsiyani qiyinlashtiruvchi boshqa xatti-harakatlar amalga oshirilishining (o‘tish joylarida, eshiklar oldida, zinalarda va boshqa joylarda odamlarning to‘planib qolishi) oldini olishga qaratilgan matn ishlab chiqilishini hamda favqulodda vaziyatlarda xabar berish tizimi orqali uzatib borilishini taʼminlashi shart.

Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga ruxsatnoma tashkilotchi xavfli tabiiy hodisalar va texnogen avariyalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun texnik va maxsus vositalar mavjudligini taʼminlashi shartligini o‘z ichiga oladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122121 | Инструменты