O'zbekiston Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari respublikada ilk bor noodatiy sabzavot ekini — rokambolning yangi “Baraka” navini ixtiro qilishdi. Ushbu yangi nav 2022-yilning oktabr oyida Intellektual Mulk agentligi tomonidan NAP00403-son bilan patentlashtirildi.
Ham piyoz, ham sarimsoqpiyoz
Rokambol Allium L. avlodi, Alliaceae J.K. Agardh oilasi, Allium Wendelbo turkumiga kiruvchi sabzavot turi hisoblanadi. Rokamboldan tashqari bu turkumga sarimsoq, porey piyozi, uzum piyoz, muskat piyozi, uzun o‘tkir uchli piyoz ham kiradi.
Rokambol ba’zi mamlakatlarda misr piyozi, ispan sarimsog‘i, piyoz-sarimsoq deb ham ataladi. Tabiiy sharoitda Ispaniya va Misrda o‘sishi aniqlangan. Hozir u Yevropada, Shimoliy Kavkazda, Xitoy, Koreya, Yaponiya, va qisman Rossiyada yetishtiriladi. U O‘rta Yer dengizi mamlakatlari – Ispaniya, Turkiya, Gretsiya, Misr, Marokashda juda ommalashgan.
Rokambol bir vaqtning o‘zida ham piyoz, ham sarimsoqning ta’mini beradi. Ko‘pgina ovqatlarda piyoz va sarimsoq o‘rnida ishlatiladi. Rokambol piyoz va sarimsoq belgilarini o‘zida mujassamlashtirgan o‘tsimon o‘simlik.Foydali jihatlari
Uning tarkibida magniy, rux, temir va marganes elementlari mavjud bo‘lib, organizmdagi qon tomirlarini samarali tozalashga yordam beradi va yurak kasalligi havfini kamaytiradi. Ko‘k massasi bargida ko‘plab A, C, E vitaminlari hamda karotin va temir moddalari mavjud.
Shu bilan birga uning tarkibida antiseptik va efir moylari ham mavjud mavjud. 150 g rokambolning energetik quvvati 100 kkalni tashkil etadi.
Rokambol tarkibidagi moddalar qonni yaxshi suyultiradi va tomirlarni kengaytiradi. Uni iste’mol qilish qon aylanishni stabillashtiradi, tromblar hosil bo‘lishini oldini oladi. Uning tarkibida juda ko‘plab allitsin moddasi bo‘lib, u kuchli antioksidant hisoblanadi. Shuningdek, uning tarkibida germaniy elementi bo‘lib, u qon tomirlar elastikligini oshiradi.
U tabiiy antibiotik hisoblanadi, chunki uning tarkibida sulfidlar mavjud bo‘lib, ular stafilokokklarga, dizenteriya va tif qo‘zg‘atuvchilariga qarshi yaxshi vosita hisoblanadi. Uni iste’mol qilish oshqozon-ichak sistemasi ishini yaxshilaydi.
Ushbu sabzavot juda ko‘p foydali xususiyatlarga ega va deyarli butun tanaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ammo uni iste’mol qilishga doir qarshi ko‘rsatmalar ham bor. Oshqozon, o‘t pufagi yoki buyrak kasalliklari borlar uni ko‘p miqdorda iste’mol qilmaganlari ma’qul.
Garchi ushbu sabzavot turi yurtimizda hali keng tarqalmagan bo‘lsa-da, yaqin kelajakda uni har qanday tomorqada uchratish mumkin bo‘ladi.
Avvalroq, Samarqandlik olimlar uzumning 3 ta va nokning 2 ta yangi navini yaratgani bo'yicha xabar bergandik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40219 | Инструменты