Huawei 1
O'zbekistonda mast holda transport boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining yo‘llarda inson xavfsizligini taʼminlash hamda yo‘l-harakati qoidalariga yangi tizimlarni joriy etish borasida qonunchilikni takomillashtirish masalalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Qo‘mita raisi Jahongir Shirinov O'zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash, avtomobil yo‘llari infratuzilmasini takomillashtirish va ularning sifatini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi. Ammo sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalar mavjudligi, ularni hal etish choralarini ko‘rish zarurligini qayd etdi.    

Eshituvda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi YHXBB boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov sohadagi ishlar haqida maʼruza qildi:  

"Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 11-fevraldagi  videoselektor yig‘ilishida yo‘l harakati xavfsizligi sohasida to‘planib qolgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish borasida bir qator topshiriqlar bergan edi. Yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tashkil etildi. Yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlashning 5 ta ustuvor yo‘nalishi belgilab berildi. Bugun shular asosida faoliyat olib borilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, yo‘l harakati hodisalarining 50 foizi yo‘lovchilarning xatosi bilan sodir bo‘lmoqda. Shu bois ham yo‘lovchilarning, ham haydovchilarning masʼuliyati va madaniyatini oshirish borasida ishlar amalga oshirilmoqda. Yo‘l-harakati sohasidagi huquqiy bo‘shliq va ziddiyatlarni bartaraf etish, sohada yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish, har bir yo‘l-harakati ishtirokchilarining qoidalarga qatʼiy amal qilishini taʼminlash va yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qiladigan qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unda bir qator yangiliklar o‘z aksini topmoqda. Jumladan, haydovchilarni javobgarlikka tortish va rag‘batlantirishning zamonaviy tizimini joriy etish bo‘yicha ham normalar belgilanmoqda", — dedi Erali Bozorov.  

Eshituvda qayd etilganidek, 2021-yilda sodir etilgan 10 mingdan ortiq yo‘l-transport hodisalari oqibatida 9 ming 230 kishi jarohat olgan bo‘lsa, 2 ming 426 kishi bevaqt hayotdan ko‘z yumgan. Bu ko‘rsatkich 2022-yilda 9 ming 902 tani tashkil etib, yo‘l-transport hodisalari oqibatida 9 ming 606 kishi jarohat olgan, 2 ming 356 kishi vafot etgan. 2023 yilning o‘tgan 8 oyida esa sodir etilgan 5 ming 772 ta yo‘l-transport hodislari oqibatida 5 ming 448 nafar kishi tan jarohati olgan, 1 ming 415 kishi halok bo‘lgan.    

Yo‘l harakati ishtirokchilarining hayotini asrash, xavfsizligini taʼminlash maqsadida sohadagi huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirish muhimligi taʼkidlandi. Bu borada yuqorida aytilgan qonun loyihasini parlament quyi palatasiga kiritish muddatlariga amal qilish lozimligi qayd etildi.    

"Yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish borasida qator ishlar qilinyapti. Xususan, o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalariga 9 marotaba o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bundan tashqari, yo‘l-harakati xavfsizligini taʼminlash sohasida 2022-2023-yillarda tizim faoliyatini takomillashtirish va yangi mexanizmlarni joriy etishga qaratilgan 5 ta Prezident qarori, 10 ta Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan. Ammo ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar ko‘lamiga qaramasdan yo‘l-transport hodisalari yuqoriligicha qolmoqda", -  — deydi deputat Dilmurod Ismoilov

Bugungi eshituvda yo‘l-transport hodisalarining oqibati bilan emas, balki sabablari bilan kurashish, yo‘llar infratuzilmasini talab darajasiga yetkazish, shuningdek, hukumat tomonidan tayyorlangan qonun loyihasi muhokamalarimiz markazida bo‘ldi.  

Loyihaga ko‘ra, endilikda mast holda transport boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilmoqda. Ammo jarimalarni oshirish, javobgarlikni kuchaytirish bilan masalaga yechim topish qiyin. Bu borada haydovchi va yo‘lovchilarning madaniyatini oshirish va YHTlarni keltirib chiqarayotgan sabablarni bartaraf etish dolzarb ahamiyatga ega.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90710 | Инструменты