Huawei 1
“O'zbekiston temir yo'llari” AJ ilk marotaba “Made in Uzbekistan” yorlig’i ostida o'z mahsulotlarini eksport qila boshladi

Jahonda yo'lovchi vagonlarini zamonaviy tarzda ishlab chiqaruvchi, ta'mirlovchi va eksport qiluvchi zavodlar sanoqlidir. Endilikda, Germaniya, Ukraina, Rossiya, Frantsiya, Belarus kabi davlatlar qatorida O'zbekiston ham yo'lovchi vagonlari bilan jahon bozoriga yuz tutdi.

Xususan, “O'zbekiston temir yo'llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Toshkent yo'lovchi vagonlarini qurish va ta'mirlash zavodi” aktsiyadorlik jamiyati ilk marotaba “Made in Uzbekistan” tamg'asi ostida o'z mahsulotlarini eksport qila boshladi. Yildan-yilga yo'lovchi vagonlarini qurish jarayonlari taraqqiy etib bormoqda, yangi imkoniyatlar ishga solinayapti. Markaziy Osiyoda yagona bo'lgan “Toshkent yo'lovchi vagonlarini qurish va ta'mirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyatida ham bu borada yuksak natijalarga erishilmoqda. Jumladan, metro vagonlarini ta'mirlash ishlari o'zlashtirildi, yangi ko'rinishdagi yo'lovchi vagonlar ishlab chiqarila boshlandi. Joriy yildan boshlab esa korxona mahsulotlari jahon bozoriga chiqdi.

2016 - yilda Rossiya va Qozog'iston davlatlari tomonidan mamlakatimiz vagonsozlari ishlab chiqarayotgan 61-911, 61-907 rusumdagi platskart va kupe vagonlariga qiziqish katta bo'lgan edi. Joriy yilda esa ular uchun mo'ljallangan yangi ko'rinishdagi qulay vagonlarni ishlab chiqarishga kirishildi. Yil oxiriga qadar 5 ta platskart va yana shuncha kupe vagonlariga buyurtmalar kelib tushdi. Bu borada joriy yilning iyun` oyida jahon standarti sertifikati qo'lga kiritildi.

Mazkur vagonlar oldingisidan ancha farq qiladi. Bunisida yo'lovchilar uchun bir qator qo'shimcha qulayliklar yaratilgan. Jumladan, ilk bor zamonaviy suv va havoni tozalash uskunalari o'rnatildi, yoritish tizimi butunlay o'zgartirildi. Vagon ichini jihozlashda yorqin ranglardan foydalanilgan. Isitish va sovutish tizimlarining zamonaviyligi esa yo'lovchilarga qishning izg'irin kunlarida hamda jazirama yozda ham mo'tadil havoni ta'minlab beradi. Vagonni tayyorlash jarayonida yo'lovchilarning xavfsizligiga ham alohida e'tibor qaratilgan. Zamonaviy dizayn buyurtmachilar talabi asosida ishlab chiqildi. Ushbu eksport mahsulotiga zavodning o'zida tayyorlangan 68-922 va 68-921 rusumdagi telejkalar o'rnatilgan. Bu esa vagonning tekis harakatlanishi, ortiqcha chayqalmasligi, tez yurishini ta'minlab beradi. Yana bir e'tiborga molik jihat shundan iboratki, ushbu telejkalarni ta'mirlash boshqalariga qaraganda, ancha qulay va oson. Korxonada ana shunday telejkalar 2011 yildan buyon ishlab chiqarilib, tayyorlanayotgan aksariyat vagonlarning harakat qismini xuddi shu rusumdagi telejkalar tashkil etadi. Ilk 4 ta vagon iyul oyida buyurtmachilarga jo'natildi. Yil oxiriga qadar qolgan mahsulotlarimizni ham o'z egalariga yetkaziladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20707 | Инструменты