Huawei 1
O'zbekiston va Italiya qishloq xo'jaligida ilg'or texnologiyalarni joriy etishda qo'shma tashabbuslarni amalga oshiradi

O'zbekiston elchisi Abat Fayzullayev Italiya qishloq xo'jaligi konfederatsiyasi (CIA – Confederazione Italiana Agricoltori) prezidenti Kristiano Fini bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

CIA prezidenti O'zbekiston va Italiya o'rtasidagi munosabatlar so'nggi yillarda jadallashayotgani va mamlakatimizning qishloq xo'jaligidagi yuksak salohiyatidan xabardorligini ma'lum qildi.

Darhaqiqat, bugunga kelib, Italiya investitsiyalari, bilim va texnologiyalari yordamida Jizzax viloyatida za'faron yetishtirish, Namangan viloyatida intensiv bog'dorchilik, shuningdek, ushbu mamlakatning qishloq xo'jaligi bo'yicha yetakchi oliy ta'lim muassasasi – Tushia universiteti bilan samarali hamkorlik yo'lga qo'yilgan. "Bonifiche Ferraresi" kabi yirik agrar korxonalari ham mamlakatimizga katta qiziqish bilan qaramoqda.

"O'zbekiston bilan qishloq xo'jaligining barcha yo'nalishlarida samarali hamkorlikni yo'lga qo'yishga tayyormiz", – dedi Kristiano Fini.

Muloqot davomida tomonlar qishloq xo'jaligida o'zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari, xususan, savdo va investitsiya, ilg'or texnologiyalarni joriy etish, ilmiy tadqiqot va ta'lim sohalarida qo'shma tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib oldilar. Italiyaning irrigatsiya, urug'chilik, ko'chatchilik, bog'dorchilik, mahsulotlarni qadoqlash va qayta ishlash borasidagi tajribasini o'rganish masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi.

Ta'kidlash kerakki, Italiyada iqtisodiyotning birlamchi tarmog'iga, uning barqarorligiga, ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini himoya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, qishloq hududlarining atrof-muhit muhofazasi va turizm jihatidan jozibadorligini oshirishga davlat va jamoatchilik tomonidan katta e'tibor qaratiladi. 1977-yilda ta'sis etilgan va bugunga kelib 900 mingdan ortiq xo'jalik va korxonalarni birlashtiradigan CIA konfederatsiyasi ham bunday masalalarni o'zining ustuvor maqsadlari, deb hisoblaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92020 | Инструменты