O'zbekiston va Turkiya o'rtasida sport sohasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanadi

Bugun tunda Xalqaro kamondan otish federatsiyasi va Turkiya Milliy olimpiya qo'mitasi prezidenti Ugur Erdener Toshkentga keldi. Bugun ertalab janob Erdener O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasiga ham tashrif buyurdi. Unga Turkiya MOQ Xalqaro aloqalar departamenti rahbari Kubro Yildirim hamrohlik qildi.

Dastlab ikki davlat rasmiylari o'zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, kelgusidagi istiqbolli rejalar yuzasidan muzokara olib borishdi. Uchrashuvda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o'rinbosari Ravshan Ermatov, MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi o'rinbosari Sherzod Tashmatov hamda O'zbekiston kamondan otish federatsiyasi raisi Otabek Imamov ishtirok etdi. Shundan so'ng majlislar zalida O'zbekiston va Turkiya MOQ o'rtasida o'zaro hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo'lib o'tdi.

Ushbu memorandum terma jamoalarimiz o'rtasida qo'shma o'quv-mashg'ulot yig'inlarini tashkil qilish, sohada erishilgan yutuqlar, sport tibbiyoti va farmakologiyasi bo'yicha tajriba almashish kabi yo'nalishlarni o'z ichiga oladi.

Tadbirning keyingi qismida MOQ muzeyida matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Unda OAV xodimlari mazkur memorandum mohiyati, har ikki tashkilot hamkorligining istiqbolli rejalari haqida o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Anjuman yakunida Ugur Erdener MOQning martabali mehmonlar kitobiga o'z dil-izhorlarini yozib qoldirdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30922 | Инструменты