Huawei 1
O'zbekistonda yosh bolalar orasida yangi virus tarqaldimi?

So‘nggi kunlarda turli ijtimoiy tarmoq sahifalarida yosh bolalar o‘rtasida yangi virus tarqalgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ma'lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, koksaki odamlar talqin qilganidek yangi virus emas, aksincha butun dunyoda allaqachon mavjud virus hisoblanadi.

“Koronavirusdan oldin barcha virus turlari bir so‘z bilan virus deyilardi. Hozirga kelib, mutaxassislar viruslar nomlarini aytganida odamlar uchun bu yangilikdek tuyulyapti. Aslida koksaki doim bor virus”, deydi qo‘mita matbuot kotibi Maftuna Saidova.

Shuningdek, uning ta’kidlashicha, mazkur virus vahimali emas va o‘zidan asorat qoldirmaydi.

“Bundan tashqari, vaziyat talqin qilinayotganidek vahimali emas, yo‘qsa qo‘mita bu bo‘yicha alohida bayonot bilan chiqib, tegishli choralarni ko‘rgan bo‘lardi”, dedi u.

Koksaki qanday virus?

Koksaki (Coxsackie) virusi enteroviruslar guruhiga kiradi va asosan yuqori nafas yo‘llari hamda me’da-ichak tizimini zararlaydi.

Kasallanishning eng yuqori davri yoz va kuz fasllariga to‘g‘ri keladi. Biroq, ko‘pincha tropik iqlimli mamlakatlarda yil davomida ham uchrab turadi. Koksaki virusi bilan deyarli har qanday joyda zararlanish mumkin va bu xavf yoz oylarida ortadi. Koksaki virusi asosan bolalarni zararlaydi, biroq kattalarda ham kasallik rivojlanish holatlari uchraydi.

Koksaki 2017 yilda yozgi kurortlarda yuqtirib olish mumkin bo‘lgan “yangi virus” sifatida talqin qilingan. Biroq keyinchalik og‘ir kechadigan ommaviy kasallanish xavfi yuqori emasligi ayon bo‘ladi. Shuning uchun bugungi kunda koksaki virusi oddiy qilib aytganda, yozgi shamollash sifatida qabul qilinadi.

Koksaki virusi ikki guruhga bo‘linadi – A va B. Ular har xil “nishon” hujayralarga ta’sir ko‘rsatadi va simptomlarida ba’zi farqlarga ega bo‘lishi mumkin.

A guruh koksaki virusi – epiteliy to‘qimalariga kuchli ta’sir ko‘rsatib, teri va shilliq qavatlarning yallig‘lanishiga sabab bo‘ladi, gerpangina (og‘izda toshmali yallig‘lanish) va “og‘iz-qo‘l-oyoq” sindromi deb ataluvchi holatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

B guruh koksaki virusi – qon tomirlar bilan bog‘liq to‘qimalarga nisbatan agressiv hisoblanib, ichki a’zolar, yurak va o‘pka pardasi sohasida yallig‘lanish jarayonlarini chaqirishi mumkin. Bular asoratlar rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Koksaki virusi simptomlari

Koksaki virusi chaqiradigan infeksiyalarning klinik simptomlari juda o‘zgaruvchan bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha yengil holatlar kuzatiladi, ular shamollashga o‘xshash (burun oqishi, tomoq qichishi, tana haroratining ko‘tarilishi) va teri hamda shilliq qavatlarda toshmalar paydo bo‘lishi kabi belgilar bilan kechadi. Ammo immuniteti past bo‘lgan odamlarda og‘ir holatlar ham kuzatiladi, bunda miya pardalari va bosh miya to‘qimalarida, jigar, yurak mushagi (miokard) va yurak tashqi pardasi (perikard)da yallig‘lanish jarayoni rivojlanishi mumkin.

Koksaki virusli infeksiyaning eng ko‘p uchraydigan simptomlari:

  • tana haroratining 38–38,5°C gacha ko‘tarilishi;
  • teri va og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavatida toshmalar paydo bo‘lishi (bu toshma pufakchalar ko‘rinishida bo‘ladi, ularni suvchechak bilan adashtirmaslik kerak);
  • yuqori nafas yo‘llari zararlanishi.

Agar kasallik og‘ir kechsa, quyidagi ogohlantiruvchi simptomlar yuzaga kelishi mumkin. Quyida keltirilgan simptomlardan hech bo‘lmaganda bittasining mavjudligi zudlik bilan shifokorga murojaat qilish zarurligini bildiradi:

  • uzoq davom etuvchi isitma;
  • doimiy bosh og‘rig‘i;
  • ko‘z soqqalarida og‘riq;
  • qayta-qayta qusish;
  • mushaklarda tutqanoq holatlari;
  • kuchayib borayotgan uyquchanlik;
  • befarqlik yoki asabiylik;
  • muvozanatning buzilishi;
  • nafas olishda qiyinchilik;
  • ko‘krak qafasida davomli og‘riq.

Koksaki virusini davolash

Koksaki virusiga qarshi maxsus davo yo‘q, agar kasallik asoratlarsiz kechsa, sog‘ayish o‘z-o‘zidan yuz beradi. Biroq simptomlarni yengillashtirish uchun turli choralar qo‘llaniladi, isitma paytida shifokor haroratni tushiruvchi va og‘riqni kamaytiruvchi dori vositalarini buyurishi mumkin. Kuchli qichishish bo‘lsa, allergiyaga qarshi preparatlar tavsiya etiladi. Og‘iz bo‘shlig‘ida yaralar paydo bo‘lsa, antiseptik vositalar qo‘llanadi, ular og‘riqni kamaytiradi va bakterial infeksiya qo‘shilish xavfini kamaytiradi.

Shuningdek, bemorga dam olish va to‘shakda yotish tavsiya etiladi, bu organizmga infeksiyaga qarshi kurashishni yengillashtiradi va asoratlar xavfini kamaytiradi.

Ko‘p miqdorda suyuqlik ichish organizmdan toksinlarni chiqarishga yordam beradi, ayniqsa, yuqori haroratda, shuningdek, suyuqlik yo‘qotilishining oldini oladi.

Agar holat og‘ir kechsa yoki asoratlar yuzaga kelsa, davolash shifoxonada, shifokorlar nazorati ostida olib boriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82806 | Инструменты