6-aprel kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi hamda Parlamentlar bosh kotiblari assotsiatsiyasi bahorgi sessiyasi doirasida Parlamentlar devonlari rahbarlari uchrashuvi tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati devoni rahbari Qudrat Nurullayev, Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati apparati rahbari, Qirg‘iziston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi apparati rahbari, Tojikiston Respublikasi Oliy Majlisi devoni vakillari hamda xalqaro parlament tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etdi.
Uchrashuvda parlamentlar devonlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, qonun ijodkorligi, axborot-tahlil, ekspertizalar va xalqaro reytinglar bilan ishlashda tajriba almashish, axborot texnologiyalari, xususan, elektron parlament tizimlarini joriy etishda innovatsion yondashuvlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Parlamentlar bosh kotiblari assotsiatsiyasi sessiyasida Senat devoni rahbari Q.Nurullayev “O‘zbekiston parlamenti tizimi” mavzusida so‘zga chiqib, mamlakatda amalga oshirilayotgan parlament islohotlari, ikki palatali parlament tizimidagi qonunchilik jarayonlari, Senatning qonunchilik tashabbusi huquqi, fuqarolar bilan ochiq muloqot va jamoatchilik fikrini inobatga olish amaliyoti haqida atroflicha maʼlumot berdi.
Uchrashuv yakunida Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni yana-da rivojlantirish, parlamentlar devonlari o‘rtasida doimiy muloqot va amaliy hamkorlikni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40904 | Инструменты