Huawei 1
“Qadring baland bo'lsin, ona tilim” xalqaro tanlovining taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi

O'zbek tilini rivojlantirish va xalqaro miqyosda nufuzini oshirish, davlat tili sifatida o'qitilishida ilg'or pedagogik faoliyatni qo'llab-quvvatlash, ona tilining o'qitish metodikasini takomillashtirish maqsadida “Qadring baland bo'lsin, ona tilim” xalqaro tanlovi e'lon qilingan edi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamentining Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, “O'zbekkino” milliy agentligi, O'zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar ijodiy uyushmalari bilan hamkorlikdagi “Qadring baland bo'lsin, ona tilim” tanlovi – davlat tilini milliy qadriyat sifatida targ'ib qilish, unga nisbatan milliy g'urur hissini tarbiyalash, tilimizning xalqaro mavqeini mustahkamlash, eng muhimi, davlat tiliga oid muammolarni hal etishda ijodiy yondashuvni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. Mazkur xalqaro tanlov jarayonida Tashkiliy qo'mitaga 1 ming 750 ta ijodiy ish kelib tushdi.

Xususan, “Eng yaxshi badiiy asar” nominatsiyasining nasr yo'nalishiga 125 ta, nazm yo'nalishiga 712 ta, “Eng yaxshi publitsistik maqola” nominatsiyasi bo'yicha jami 426 ta, O'zbek tilining xorijdagi eng yaxshi targ'iboti (o'zbek millatiga mansub yoki chet el fuqarolari tomonidan yaratilgan xorijda o'zbek tilini targ'ib qilishga qaratilgan ilmiy, badiiy, musiqiy asarlar hamda audio, video mahsulotlar)ga qaratilgan jami 75 ta, “Eng yaxshi ijtimoiy roliklar” nominatsiyasi uchun esa 412 ta ijodiy ish taqdim etilgan.

Ijodiy ishlarning deyarli 90 foizi (1 621 tasi) @Til_tanlovBot  telegram bot orqali, qariyb 10 foizi (129 tasi) esa info-til@gov.uz elektron pochtasi orqali kelib tushdi. Ahamiyatlisi, tanlovga AQSH (2 ta), Fransiya (1 ta), Rossiya (5 ta), Janubiy Koreya (3 ta), Xitoy (8 ta), Turkiya (11 ta), Eron (3 ta), Ozarboyjon (6 ta), Qozog'iston (12 ta), Qirg'iziston (4 ta), Tojikiston (14 ta) singari o'ndan ortiq yaqin va uzoq xorijdan ishtirokchilar qatnashgan. Ular orasida Afg'onistondagi millatdoshlarimizning faolligini (21 ta) alohida qayd etib o'tish joizdir.

Joriy yilning 19 oktyabr kuni O'zbek Milliy akademik drama teatrida “Qadring baland bo'lsin, ona tilim” xalqaro tanlovining tantanali taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.  

Tanlovlarning har bir yo'nalishi bo'yicha g'olib deb topilgan mualliflarga va rag'batlantiruvchi mukofot sohiblariga pul va esdalik sovg'alari topshirildi.

Xorijlik tanlov g'oliblarining mukofot mablag'lari va esdalik sovg'alari Tashqi ishlar vazirligi va xorijiy elchixonalarimiz orqali o'z egalariga yetkaziladi. Tadbirda davlat va jamoat arboblari, olimlar, shoir-yozuvchilar qatnashdi.

Kechada Milliy akademik drama teatri aktyorlari ona tilimiz tarannum etilgan dramatik asarlardan parchalar ijro etdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91115 | Инструменты