Hozir dunyoda yarim milliarddan ziyod kishi qandli diabetdan aziyat chekmoqda. Ekspertlar prognoziga ko‘ra, 2050 yilga borib bu ko‘rsatkich qariyb bir yarim milliard nafarga yetishi mumkin.
Bu surunkali xastalik jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi bilan xavfli. Uning oldini olishda erta bosqichdagi tashxisning ahamiyati katta.
Shundan kelib chiqib, yurtimiz tibbiyotini transformatsiya qilish jarayonida skrining tekshiruvlarini raqamlashtirishga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Respublikamiz buylab oilaviy poliklinikalarda qo‘llanilayotgan “DMED” tizimi va "DMED Pro" mobil ilovasi — shular sirasidan. Bu elektron platformalar orqali keng qamrovli qandli diabet skriningi amalga oshirilmoqda.
— Birlamchi tibbiyot muassasasida amaliyotchi hamshira bemorlarni qabul qilish bilan birga, qandli diabet skriningini ham olib boradi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Sevara Faxrutdinova.
— Buning uchun hamshira har kuni “DMED” tizimi orqali tashrif rejasini shakllantiradi va skrining natijalarini elektron tibbiy kartaga kiritadi. Bu jarayon qog‘ozbozlikni kamaytirib, tashxis aniqligini oshiradi.
Skrining jarayoni 3 bosqichni o‘z ichiga oladi:
1-bosqich: so‘rovnoma to‘ldirish;
2-bosqich: avtomatik xavfni baholash;
3-bosqich: tavsiyalar tayinlash.
Poliklinikaga kela olmaydigan aholi vakillari patronaj hamshira tomonidan uy sharoitida ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Yaʼni ushbu o‘rta tibbiyot xodimi kuniga 6–9 nafar bemorni tekshirib, ularga taalluqli maʼlumotlarni "DMED Pro" ilovasi orqali onlayn yuborib boradi. Tizim avtomatik ravishda ko‘rsatkichlarni tahlil qilib, bemorning xavf darajasiga muvofiq tavsiyalar beradi.
Barcha maʼlumotlar avtomatik ravishda elektron tibbiy kartada saqlanadi. Xavf darajalari bo‘yicha tasniflash orqali yuqori xavf guruhiga mansub bemorlarga tezkor tibbiy yordam ko‘rsatiladi.
Hozirgi kunda “DMED” tizimi orqali 783 000 nafar bemor skriningdan o‘tdi.
28 100 nafar bemorda qandli diabet erta aniqlandi.
485 000 nafar aholida ortiqcha vazn va 180 000 nafar bemorda turli darajadagi semizlik qayd etildi.
Yana bir muhim jihati, qandli diabetni erta aniqlash orqali asoratlar xavfi 25–40 foizga kamaytirildi.
“DMED” elektron hisobot tizimi barcha maʼlumotlarni bir necha soniyada shakllantirish imkonini beradi. Eng muhimi, u orqali skrining jarayoni tezkor, samarali va yuqori aniqlikda tashkil etiladi. Bu esa ham aholi, ham tibbiyot xodimlari uchun qo‘shimcha qulaylik yaratmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 40220 | Инструменты