Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini kompleks rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilish boshlandi.
"Viloyatdagi o‘zgarishlarni ko‘rib, odamlar bilan gaplashib, islohotlarimiz ularning hayotiga shiddat bilan kirib borayotganiga yana bir bor amin bo‘ldim. Oldinlari bitta viloyatdagi o‘zgarishlar bilan tanishishga bir kun yetardi. Shu kunlarga yetib keldik, hozir bitta tumanga bir hafta ham kam", - dedi davlat rahbari.
Sakkiz yil avval viloyat sanoatining yarmidan ko‘pi neft-gaz va kimyo tarmog‘i korxonalariga to‘g‘ri kelgani, o‘tgan davrda elektrotexnika, qurilish materiallari, to‘qimachilik, mebelchilik sohalarida katta sakrash bo‘lib, hozirda bu tarmoqlarning sanoatdagi ulushi 54 foizni tashkil etayotgani taʼkidlandi.
Lekin qilingan ishlar bilan cheklanmasdan, yana-da yuqori surʼat bilan ishlash lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Prezident joriy hafta boshida hokimlarga yuqoridan topshiriq kutmasdan, o‘zi tashabbus qilib, proaktiv ishlashga o‘tish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berganini eslatdi. Qashqadaryoda hali ishga solinmagan kamida 15 milliard dollarlik salohiyat bor. Bu imkoniyatlarning kamida uchdan biri loyihaga aylantirilsa, viloyatning yalpi hududiy mahsulotini kelgusi besh yilda bemalol 10 milliard dollardan oshirish mumkinligi taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan Qashqadaryoda viloyat "Islohotlar shtabi" tuzilishi belgilandi.
Davlat rahbari kecha turli obyektlarga tashrifdan olgan taassurotlari bilan bo‘lishdi.
Masalan, uch yil oldin Chiroqchidan ajralib chiqqan Ko‘kdala tumani. O‘tgan davrda bu yerda 120 kilometr suv, 210 kilometr elektr tarmog‘i qurildi, 605 kilometr tuproq yo‘llar taʼmirlandi, 19 ta maktab, 22 ta bog‘cha, 5 ta oilaviy poliklinika ishga tushdi. Ishlab chiqarish korxonalari 3 karra oshib, 220 taga yetdi.
Qisqa davrda Mirakining o‘zida 180 million dollarlik 200 dan ortiq loyiha ishga tushdi, 2 ming ish o‘rni yaratildi. Yana 150 million dollarlik loyihalarda ishlar ketayapti.
Yakkabog‘ tuman markazida 1 ming 400 xonadonli 54 ta ko‘p qavatli uylar, “Eko bozor”, zamonaviy savdo va ko‘ngilochar markazi barpo bo‘ldi.
“To‘g‘risi bu menga juda maʼqul bo‘ldi. Mana tuman markazi qanday bo‘lishi kerak! Bunday loyihalarni har bir tuman, har bir mahallada qilsak, o‘sha hududga madaniyat kiradi, islohotlarimiz joylargacha yetib borganining yaqqol natijasi bo‘ladi”, - dedi davlat rahbari.
Shahrisabz shahrida 10 million dollarlik ko‘p tarmoqli zamonaviy klinika ishga tushirildi. Har bir hududda kamida 1 tadan mana shunday xususiy klinika ochilishiga ko‘maklashish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun davlat 140 million dollar resurs ajratishga tayyor.
“Qisqa qilib aytganda, Shahrisabz, Yakkabog‘ va Ko‘kdalada ishga tushgan yangi loyihalar “Islohotlar shtabi”ga tayyor andoza. Respublikadagi barcha tuman hokimlari Shahrisabz, Yakkabog‘ va Ko‘kdalani kelib ko‘rsin, o‘rgansin, o‘zida ham mana shunday yangi-yangi loyihalarni qilsin”, - dedi Prezident.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62109 | Инструменты