Qirgʻizistonning Jalolobod viloyatida qurilishi tugallanmagan restoran binosida yongʻin chiqqan. Natijada shu yerda ishlagan ikki oʻzbekistonlik vafot etib, yana bir kishi ogʻir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
22 noyabr kuni Qirgʻizistonning Jalolobod viloyati Manas shahrida qurilishi tugallanmagan ikki qavatli restoran binosida yongʻin yuz berdi.
Hodisa oqibatida Oʻzbekistonning ikki nafar fuqarosi halok boʻlib, yana bir oʻzbekistonlik jarohatlangan.
Mahalliy nashrlar ma’lumotiga koʻra, voqea joyidan bir kishining jasadi topilgan, yana ikki kishi ogʻir ahvolda shifoxonaga olib borilgan, ammo ulardan biri shifoxonada vafot etgan, ikkinchisi ogʻir ahvolda jonlantirish boʻlimida qolmoqda.
Oʻzbekiston TIV matbuot kotibi Omonulla Fayziyev aniqlik kiritishicha, qurbonlar ushbu ob’yektning qurilish ishlarida mehnat qilgan boʻlib, I.R.A. (40 yoshda) hamda B.B.B. (38 yoshda) tutundan zaharlanish oqibatida vafot etgan. 28 yoshli A.A.A. esa Jalolobod viloyati klinik shifoxonasining jonlantirish boʻlimiga yotqizilgan va uning ahvoli ogʻir deb baholanmoqda.
Holat yuzasidan mahalliy idoralar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Vaziyat Oʻzbekistonning Oʻshdagi Bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olingan, marhumlarning jasadini vatanga qaytarish choralari koʻrilmoqda, qarindoshlari bilan aloqa oʻrnatilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112315 | Инструменты