Qo‘qonda 13 yoshli qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha ish qayta malakalandi

Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridagi mehmonxonada 13 yoshli qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilishi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi qayta malakalandi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 9-noyabr kuni Qo‘qon shahar prokuraturasi jinoyat ishini Jinoyat kodeksining 128-moddasidan (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 118-moddasi 4-qismiga (o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish) qayta malakalagan.

Hodisa 28-sentyabr kuni sodir bo‘ lgan. Farg‘ona viloyatida yashovchi 2012-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qiz Qo‘qon shahridagi mehmonxonada jinsiy zo‘ravonlikka uchragan.

Holat yuzasidan 29-sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 128-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi ushlanib, 30-sentyabr kuni sud qarori bilan unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Avvalroq Bosh prokuratura gumonlanuvchi 22 yoshda ekanini ma’lum qilgandi. Jinoyat ishi doirasida tegishli ekspertizalar tayinlangan.

Bolalar ombudsmaniga ko‘ra, jabrlanuvchining ruhiy holatini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi mas’ul xodimlari tomonidan unga psixologik va yuridik xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Bolalar ombudsmani jabrlanuvchining protsessual huquqlari ta’minlanishini o‘z vakolatlari doirasida kuzatib borishini bildirdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111111 | Инструменты