Yanvardan jarima 60 kun ichida to'lanmasa, avtomobil jarima maydonchasiga olib ketiladi

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jarima 60 kun ichida to‘lanmasa, transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirilishi mumkin. Bu Ichki ishlar vazirining 4-sentyabrdagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan yo‘riqnomada belgilandi.

Mazkur buyruq 5-noyabr kuni Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va 6-noyabrda rasmiy e’lon qilingan. Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan ikki oy o‘tgach kuchga kiradi.

Yo‘riqnomaga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun solingan jarima qaror chiqarilgan kundan boshlab 60 kundan kechiktirmay to‘lanishi kerak. Agar qaror ustidan shikoyat yoki protest berilib, u qanoatlantirilmasa, jarimani to‘lash uchun bu haqda xabar berilgan kundan boshlab 30 kun muddat beriladi.

Belgilangan muddatda jarima to‘lanmasa, transport vositasi haqidagi ma’lumotlar Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarining planshetlari va boshqa axborot tizimlarida avtomatik ravishda aks etadi.

Shundan so‘ng YHXX xodimlari ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirmasdan, avtomobilni jarima maydonchasiga joylashtirishi lozim. Transport vositasi jarima haqidagi qarorning ijrosi yuzasidan ish yuritish tugaguniga qadar ushlab turiladi.

Biroq haydovchi jarimani elektron to‘lov tizimlari, mobil ilovalar yoki bank kassalari orqali joyida to‘liq to‘lasa va bu haqdagi ma’lumot elektron tizimda tasdiqlansa, avtomobil jarima maydonchasiga olib ketilmaydi. Jarima maydonchasiga joylashtirilgan transport vositasini qaytarib olish uchun qarzdorlik to‘langan bo‘lishi kerak. To‘lov tasdiqlangach, tegishli elektron ruxsatnoma rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, yo‘riqnomada jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarimaning 50 foizini yoki 30 kun ichida 70 foizini ixtiyoriy to‘lagan shaxs qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi belgilangan. Ushbu tartib qonunchilikda nazarda tutilgan ayrim holatlarga tatbiq etilmaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111009 | Инструменты