Huawei 1
Qonun bilan yer qaʼri boyliklaridan foydalanish tartibi takomillashtirilmoqda

Senatning ellik yettinchi yalpi majlisida “Yer qaʼri to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Muhokama markazida bo‘lgan mazkur qonun bilan yer osti boyliklariga egalik qilish va ularni tasarruf etish, shuningdek yer qaʼridan foydalanish hamda uni muhofaza qilish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinmoqda.

Qonunda qo‘llanadigan asosiy tushunchalar kengaytirilayotgan bo‘lib, unda foydali qazilmalarning tasnifi, yaʼni asosiy va noruda foydali qazilmalar, ularning tarkibi yana-da aniqlashtirilmoqda.

Respublikamizda o‘tkazilayotgan maʼmuriy islohotlar doirasida yer qaʼridan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi davlat organlari vakolatlari chegaralari aniqlashtirilib, Kon-geologiya vazirligi, Ekologiya vazirligi, Energetika vazirligi, Kontexnazorat inspeksiyasi, “Yer qaʼridan foydalanish markazi” davlat muassasasi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlari aniq belgilab berilmoqda.

Qonun bilan yer qaʼridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalarni berish, hisobotlarni qabul qilish va boshqa sohadagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarida “yagona darcha” prinsipi joriy etilmoqda.

Qonunda sohaning investitsiyalar jalb etuvchanligini keskin oshirish maqsadida davlat organi nazorati ostida yer qaʼridan foydalanish ruxsatnomasini litsenziat tomonidan tasarruf etish (sotish, garovga qo‘yish yoki boshqa shaxslarga o‘tkazish) mexanizmi joriy etilmoqda.

Shuningdek, qonunda yunior kompaniyalar uchun rekognossirovka qilish (dastlabki geologik o‘rganish bosqichi) normalari alohida ajratilmoqda va geologik axborotga bo‘lgan mulk huquqi, investorlar tomonidan uni almashish va realizatsiya qilish normalari takomillashtirilmoqda.

Qonun bilan yer qaʼri davlat fondi kadastr tizimi yana-da takomillashtirilib, unda uglevodorod kadastri, kadastr kvadrati kabi tushunchalar kiritilmoqda.

Qonunda uglevodorodlar yo‘nalishi keskin kuchaytirilib, jumladan, uglevodorod zaxiralarini aniqlashga, geologiya-qidiruv ishlari va ularni o‘zlashtirishga yirik investitsiyalar kiritishni jadallashtirish uchun oldindan dastlabki o‘rganish, yaʼni rekognossirovka qilish ishlariga alohida qulay mexanizmda ruxsatnoma berish tartibi belgilanmoqda.

Qonun bilan uran qazib olish va shu bilan bog‘liq jarayonda radiatsiyaviy xavfsizlik, shuningdek Xalqaro atom energetikasi (MAGATE) talablari bilan bog‘liq holda qo‘shimcha alohida talablar belgilanmoqda.

Shu bilan birga, qonunda noruda xomashyo konlarini qidirib topish va o‘zlashtirishga oid normalar kuchaytirilmoqda.

Noruda qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish va qazib olish uchun ruxsatnomalar rasmiylashtirishning aniq tartibi hamda yer qaʼridan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari belgilanib, davriy va yakuniy hisobotlarni taqdim qilish, qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish hamda qazib olishning yillik minimal xarajatlari qayd etilmoqda.

Qonunda ekologiya va atrof muhitni kelgusida kafolatli asrash maqsadida yer qaʼridan foydalanishda ekologik xavfsizlikni taʼminlashning qoidalari, yer qaʼridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etishning talab va mexanizmlari nazarda tutilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi respublikada yer osti boyliklarini masʼuliyat bilan geologik jihatdan o‘rganish, ulardan foydalanish va muhofaza etishni zamonaviy standartlar asosida samarali va tizimli yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

Qizg‘in muzokaralardan so‘ng qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92014 | Инструменты