Huawei 1
Maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi belgilanmoqda

Senatning ellik yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda aholining turli qatlamlari orasida sog‘lom maʼrifiy faoliyatni targ‘ib qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida nosog‘lom maʼnaviy-maʼrifiy xatti-harakatlar ko‘payib, uning natijasida aholi vakillari, jumladan, yoshlar va bolalar ongi, madaniyati va qarashlariga begona bo‘lgan turli yot g‘oyalar o‘z taʼsirini ko‘rsatmoqda.

O‘z navbatida, ushbu holatlar bu boradagi ishlarni huquqiy jihatdan tartibga solish zaruriyati yuzaga kelayotganini namoyon qilmoqda.

Shu munosabat bilan “Taʼlim to‘g‘risida”gi qonunga maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha kiritilmoqda.

Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda mazkur faoliyat turiga qo‘yiladigan talablarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Xususan, maʼrifiy faoliyatning bunday harakat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan amalga oshirilishi yoxud qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaganlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, – fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mazkur qonun maʼrifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi, shakllari, uni amalga oshirish talablari va shartlarini, maʼrifiy faoliyatni amalga oshirishi taqiqlangan shaxslar doirasini belgilaydi hamda jamiyatda maʼrifiy faoliyatni amalga oshirishda mavjud muammo va to‘siqlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92016 | Инструменты