Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Qator qonunlarning o‘z ahamiyatini yo‘qotgan va eskirgan ayrim normalari qayta ko‘rib chiqilmoqda, shuningdek, baʼzi normalarni amalga oshirish mexanizmlari belgilanmoqda.
Xususan, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda tovar (ish, xizmat) haqidagi maʼlumotlarda normativ-huquqiy hujjatlarga yoki texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq ishlab chiqarish sanasi ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan tovarning ishlab chiqarilgan sanasi ko‘rsatilishi shartligi belgilanmoqda.
“Baholash faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunda baholash tashkilotlaridan ustav fondiga bo‘lgan talab chiqarib tashlanmoqda.
“Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi Qonun bilan jismoniy shaxslar uchun investitsiya buyurtmanomasida shaxsni tasdiqlovchi hujjatning ko‘chirma nusxasi ilova qilinishi majburiyati bekor qilinmoqda.
“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonunga nogironligi bo‘lgan shaxslarda tibbiy-ijtimoiy ekspertiza o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlarda ularning huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shu bilan birga, “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonunga qo‘shimcha kiritilayotgan bo‘lib, unga ko‘ra kichik sanoat zonalari, yoshlar sanoat zonalari va tadbirkorlik zonalari hududida joylashgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini xususiylashtirish O‘zbekiston Respublikasining alohida qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Senatorlarning fikricha, mazkur Qonun qonun hujjatlaridagi ortiqcha maʼmuriy tartib-taomillar va eskirgan tartibga solish mexanizmlari bartaraf etilishiga, ulardagi normalarning amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirilishiga xizmat qiladi.
Muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 123022 | Инструменты