Ijtimoiy tarmoqlarda “Fargʻonada IIB binosidan 15 yoshli oʻsmirning murdasi chiqdi” sarlavhasi bilan videoxabar tarqaldi. Viloyat prokuraturasi esa bu bo'yicha dastlabki sud ekspertizasi qarori va bir qancha ma'lumotlarini e'lon qildi.
Qayd etilishicha, bola 2007-yilda Farg'ona viloyati Uchko‘prik tumanida tug'ilgan. Shu paytgacha u tumanning Sulton mahallasi, Sulton qishlog‘ida yashagan.
U joriy yil 16-oktyabr kuni Buvayda tumani, Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida joylashgan “Ansor” savdo majmuasida ota-onasining nazoratisiz yurgani va ushbu majmuada o‘g‘irlik qilmoqchi bo‘lgani aniqlangan. Shunda u IIB xodimlari tomonidan ushlanib, tuman IIB boshlig‘ining shu kungi qarori bilan Qo‘qon shahridagi viloyat IIB JXX HPB VEIHYOKMga joylashtirilgan.
17-oktyabr kuni u yotoqxonadagi boshqa bolalar bilan janjallashib, mushtlashgan. So'ng yotoqxonadagi 2 bola R.A.ning boshiga urib, ogʻir tan jarohati yetkazishgan. Natijada R.Aning sog‘lig‘i yomonlashib, hushidan ketganligi sababli shahar Tez-tibbiy yordam xodimlari chaqirilgan. Unga tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limiga “bosh miya kalla yopiq shikasti, miya qattiq parda ostiga qon quyilishi, bosh miya moddasining lat yeyishi” sabab bo‘lganligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan 18-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari davomida, jinoyatga bevosita aloqador ikki nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Shuningdek, holat yuzasidan IIB JXX HPB VEIHYOKM xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 41206 | Инструменты