Qoraqalpog‘istonda yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan 170 nafar bola davlat hisobidan operatsiya qilinmoqda
Bu haqda SSV xabar bermoqda.
Xabarga ko'ra, shifokorlar dastlab Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutining innovatsion klinikasida bemorlarni tekshiruvdan o‘tkazdi. Shu joyning o‘zida 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarda murakkab operasiyalarni bajarishga kirishildi.
Shuningdek, yuqori texnologik muolajalarning bir qismi Qoraqalpog‘iston bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida o‘tkazildi.
Natijada qanchadan qancha ehtiyojmand oilalarning bemor farzandlari uzoq yillik dardidan sanoqli soatlarda xalos bo‘lib, yana sog‘lom hayotga qaytdi.
Har yili o‘g‘il-qizlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, kasallikka chalinganlarni ro‘yxatga olyapmiz, — deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Alima Matkarimova.
Muassasaga Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning Samarqand hududiy filialidan yetakchi mutaxassislar kelgani bemorlar uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qildi. Birinchi navbatda, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan oila farzandlariga e’tibor qaratilib, ularda murakkab kardioxirurgik amaliyotlar o‘tkazilyapti.
"Bu bizning Qoraqalpog‘istonga ikkinchi tashrifimiz. Joriy yilning mart oyida birinchi marta Nukusda yurak operasiyalarini amalga oshirgandik. Bu galgi operatsiyalar ham to‘liq davlat hisobidan bajarilyapti. Shuningdek, tashrifimiz davomida mahalliy kardioxirurglar malakasini oshirish jarayoniga ham ko‘maklashyapmiz", — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori Maqsud Saidov.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31418 | Инструменты