Respublika korxonalarida ishlab chiqariladigan va import qilinadigan suyultirilgan gaz faqat birja savdolari orqali sotiladi

Joriy yil 12-sentyabr kuni Prezidentning “Aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimini isloh qilish va bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash sohasidagi funksiyalarni ixtisoslashtiriladi, mazkur faoliyatning moliyaviy shaffofligi ta’minlanib, bozor mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Shu maqsadda “Hududgazta’minot” AJ ta’sischiligida “LPG-Trade” MCHJ tashkil qilinadi.

Shuningdek, respublikada suyultirilgan gaz ta’minoti tizimida bozor mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda, aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish ustuvorligi ta’minlanadi, respublika korxonalarida ishlab chiqariladigan va import qilinadigan suyultirilgan gaz (o‘z shoxobchalarida sotiladigan hajmlardan tashqari) faqat birja savdolari orqali sotiladi.

Bundan tashqari, aholiga suyultirilgan gaz yetkazib beradigan korxonalar mahsulotni birjadan va importdan to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qiladi. Aholi ehtiyojlari uchun yetkazib beriladigan suyultirilgan gaz ta’minoti tizimida islohotlarni amalga oshirish va xususiy sektorni jalb qilish orqali sohada raqobat muhiti bosqichma-bosqich shakllantiriladi hamda kross-subsidiyalash amaliyoti bosqichma-bosqich bekor qilinadi.

Suyultirilgan gaz ta’minotidagi islohotlarni amalga oshirish jarayonida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari davlat tomonidan moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91614 | Инструменты