Huawei 1
Revmatizm bolalarda qanday asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin?

Qish mavsumi — qator mavsumiy kasalliklar avj oladigan davr. Revmatizm — shulardan biri. Bu xastalikka ko‘proq maktab yoshidagi bolalar chalinadi va u o‘g‘il-qizlarda kattalarga nisbatan og‘ir kechadi.

Xo‘sh, revmatizm qanday paydo bo‘ladi? Uni keltirib chiqaruvchi omillar qaysilar? Kasallikning asosiy belgilari, asoratlari nimalardan iborat?

Sog‘liqni saqlash vazirligining bolalar bosh kardiologi Bunyod Akbarxonov ushbu savollarga javob berdi.

— Oyoqda o‘tkazilgan surunkali tonzillit — kasallikni keltirib chiqaruvchi eng asosiy omil, — deydi mutaxassis. — Yaʼni tez-tez tomog‘i og‘rib turadigan bolalar anginasi o‘z vaqtida davolanmasa, 10-14 kun o‘tib, ularda revmatizm rivojlanishi mumkin.

Kasallikning o‘tkir shaklida anginadan tuzalgan bemorni maʼlum muddat o‘tib, yana yuqori harorat bezovta qiladi. Tirsak, bilak-kaft usti, tizza, boldir-oyoq panjasi bo‘g‘imlari va tanasining boshqa qismlari qizarib, shishadi.

10-12 kun o‘tgach, poliartritga xos barcha simptomlar yo‘qoladi. Biroq mazkur holat vaqtinchalik bo‘lib, xastalik chog‘ida yurakning mushak qavati, klapanlari, tashqi pardasi zararlanadi. Bu esa yurak nuqsoni shakllanishiga olib kelishi xavfi mavjud.

Revmatizm boshqa aʼzo va to‘qimalar, masalan, nerv tizimida ham jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bunda bolaning oyoq-qo‘llari uchib turadi, o‘ta qo‘zg‘aluvchanlik, tez toliqish kuzatiladi.

Xastalikning o‘tkir bosqichida bemor, odatda, shifoxonada davolanadi. Statsionardan chiqqandan so‘ng ham uzoq vaqt shifokor kuzatuvida bo‘ladi.

Holsizlanish, tez charchash, rangparlik, ishtaha pasayishi, kechqurun tana harorati ko‘tarilishi, baʼzan bosh og‘rig‘i, yurak o‘ynashi, hansirash, bo‘g‘imlar sohasidagi teri ostida mayda, qattiq va og‘riqsiz “revmatik tugunchalar” hamda pushti, halqasimon toshmalar revmatizmga xos alomatlardir.

Bu kasallikdan asab tizimi shikastlanganda, bolaning kayfiyati va xulq-atvori o‘zgarib, behalovat, eʼtiborsiz va serjahl bo‘lib qoladi. Uning xotirasi pasayadi.

Bemor beixtiyor tartibsiz, beo‘xshov harakatlar qiladi. Ko‘zlari pirillab, yuz mushaklari tortiladi. Natijada u o‘zi mustaqil kiyinib-yechina va ovqatlana olmaydi. Shuningdek, turtinib-surtinib yura boshlaydi.

Qaytalama revmatizm davrida organizmda immunologik va biokimyoviy buzilishlar kuzatiladi, yurakda yallig‘lanish jarayoni kuchayadi.

Revmatizmga faqat mutaxassis tomonidan tegishli tekshiruvlardan so‘ng aniq tashxis qo‘yilishi mumkin. Agar o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilinsa, bemorni muvaffaqiyatli davolasa bo‘ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11423 | Инструменты