Huawei 1
Rossiyada O‘zbekiston uchun yadroviy reaktor yasalmoqda

Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi O‘zbekistondagi kichik quvvatli atom stansiyasi uchun reaktor qurilmasi ishlab chiqarishni boshladi. Bu haqda Rossiya korporatsiyasining matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Sankt-Peterburgdagi “AEM-Spetsstal” zavodi mutaxassislari – “Rosatom”ning Mashinasozlik bo‘limiga qarashli korxona O‘zbekistonda qurilishi rejalashtirilgan kichik quvvatli atom elektr stansiyasi uchun RITM-200N reaktor qurilmasini ishlab chiqarishni boshlagan.

Qayd etilishicha, metallurglar ushbu loyiha uchun maxsus legirlangan 205 tonnalik po‘lat quyma tayyorlagan. Bu quyma reaktor korpusi flanetsi – ya’ni reaktor blokining yuqori qopqog‘i bilan korpusini birlashtiruvchi element ishlab chiqarishda qo‘llaniladi.

“Rosatom” vakillarining ta’kidlashicha, uskunaning birinchi elementi tayyorlanayotgani Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “Power Uzbekistan-2025” xalqaro ko‘rgazmasida namoyish qilingan. Tadbirda energetika sohasining yetakchi mutaxassislari va vazirliklar vakillari ishtirok etgan.

Korporatsiya matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, po‘latni quyish – reaktor ishlab chiqarish jarayonining rasmiy boshlanishi hisoblanadi. Texnologik bosqichlar yakunlangach, tayyorlanayotgan element boshqa korxonalarga yuboriladi va u yerda butun reaktor korpusi yig‘iladi.

“RITM seriyali reaktor qurilmalarini yaratish bo‘yicha tajriba va ishlab chiqarish quvvatlariga egamiz. Ular bir necha yillardan buyon atom muzyorar kemalarida foydalanib kelinmoqda. Endi bu bilimlarimizni O‘zbekistondagi 6 ta RITM-200N reaktorlari ishlab chiqarishda qo‘llaymiz”, degan “Rosatom”ning Mashinasozlik bo‘limi rahbari Igor Kotov.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida atom energetikasi sohasidagi hamkorlik bo‘yicha kelishuv 2017 yil dekabr oyida imzolangan edi. Unda O‘zbekistonning birinchi atom elektr stansiyasini qurish ko‘zda tutilgan. Birinchi energiya bloki 2028 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, umumiy qiymati 11 milliard AQSH dollarini tashkil qiladi.

Yangi loyiha bo‘yicha shartnoma esa 2024 yil 27 may kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida Toshkentda imzolangan. Ushbu hujjat kichik quvvatli atom stansiyasining loyihalash, yetkazib berish va qurilish ishlarini o‘z ichiga oladi.

Stansiya markazida ishlatiladigan RITM-200N tipidagi suv yadro reaktori ilgari atom muzyorar kemalarida qo‘llangan va amaliyotda sinovdan o‘tgan. Biroq bu reaktorlar asosida hali quruqlikdagi stansiya qurilmagani bois, loyiha to‘liq referentli deb hisoblanmaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51417 | Инструменты