Rossiyaga noqonuniy ravishda olib chiqilgan noyob madaniy boyliklar O‘zbekistonga qaytarildi
22-iyun kuni Moskva shahrida O‘zbekiston va Rossiya Hukumatlari rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya tarkibida Davlat bojxona qo‘mitasi rahbariyati va DBQning mas’ul sohaviy boshqarmalari vakillari ishtirok etdi.
Ushbu tadbirlar doirasida, Moskvada Federal bojxona xizmati hududida avval O‘zbekiston hududidan Rossiyaga noqonuniy olib chiqib ketilgan noyob madaniy boyliklarni Davlat bojxona qo‘mitasi vakillariga topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda, DBQ Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O.Mamajonov va Federal bojxona xizmati Bojxona hamkorligi boshqarmasining Yaqin xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik bo‘limi boshlig‘i A.Popov ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi uchun madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan 29 ta qo‘lyozmalar va 16 ta sopol buyumlar 2016 yilda qonunbuzar tomonidan yurtimizdan yashirincha olib chiqib ketilgan.
Rossiya Federal bojxona xizmati va O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi, Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan qo‘shma tadbirlar natijasiga ko‘ra aniqlangan buyumlardan 9 dona qo‘lyozma va kitoblar arab, fors va turkiy tillarda yozilgan diniy matnlar va she’riy asarlar bo‘lib, taxminan 1644-1880 yillar davrida yaratilganligi, 16 dona sopol buyumlardan 3 tasi esa o‘rta asrlar va yangi davrdagi ( XV-XVII asrlar) Samarqand kulolchilik maktabiga mansubligi ma’lum bo‘ldi.
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Badiiy ekspertiza boshqarmasining xulosasiga ko‘ra, “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni talablariga muvofiq ushbu buyumlar yurtimizdan olib chiqilishi mumkin bo‘lmagan madaniy boyliklar toifasiga tegishli ekanligi aniqlandi.
Ta’kidlash joizki, madaniy boyliklarni qaytarish tadbiri O‘zbekiston bilan Rossiya Hukumati o‘rtasida 1994 yil 15 aprelda imzolangan “Noqonuniy ravishda olib chiqilgan va olib kirilgan madaniy boyliklarni aniqlash va qaytarish bo‘yicha bojxona xizmatlarining hamkorligi to‘g‘risida”gi Bitim talablari doirasida amalga oshirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42711 | Инструменты