Samarqand viloyat adliya boshqarmasining ko‘magi bilan joriy yilning 4-fevral kuni dunyoga mashhur "Samarqand noni" geografik ko‘rsatkich sifatida Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Adliya vaziri Akbar Toshqulov Samarqand viloyat hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Adiz Boboyevga "Samarqand noni" geografik ko‘rsatkich sifatida Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnomani topshirdi.
"Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, tovarni muayyan geografik obyekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik ko‘rsatkich deb e’tirof etilib, unda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi.
Adliya vazirligi geografik ko‘rsatkichlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq "Chiyal yaxnasi" hamda "G‘uzor tandiri" geografik ko‘rsatkich sifatida Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42817 | Инструменты