Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida «Samarqand viloyatining Samarqand tumanini tugatish, Oqdaryo, Pastdarg‘om, Toyloq tumanlari va Samarqand shahri chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida»gi Qonunchilik palatasi qarori deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Qayd qilinishicha, Samarqandni «Millionlik shahar»ga aylantirish, zamonaviy arxitektura yechimlariga ega turar-joy va noturar binolarni qurish, aholining uy-joylarga bo‘lgan talabini to‘la qondirish, hududlarni infratuzilma bilan ta’minlash orqali aholiga munosib yashash sharoitini yaratish maqsadida Samarqand tumani alohida ma’muriy-hududiy birlik sifatida tugatiladi.
«Chegaralar o‘zgartirilishi hisobiga Samarqand shahri hududi 11,8 ming gektardan 28,9 ming gektargacha kengayib, yangi investitsiya va qurilish loyihalari uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani e’tiborga molik. Ya’ni yangi turistik loyihalar, o‘yin maydonlari, akvapark, havo sharlari, istirohat bog‘lari kabi ko‘ngilochar turizm va dam olish maskanlari tashkil etiladi, yangi yashil hududlar va xizmat ko‘rsatish obektlari va logistika markazlari quriladi», dedi fraksiya a’zosi Diyor Husanov.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11312 | Инструменты