Samarqandda bojxona nazoratidan jangovar o‘q-dori olib o‘tishga uringan Turkiya fuqarosiga hukm o‘qildi.
Hukmda keltirilishicha, 2000 yilda tug‘ilgan Ibo Yusuf “Turkish Airlines” aviakompaniyasi ekipaj aʼzosi bo‘lgan. U 2024 yil 19 noyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida 1 dona “24 SAR P9” nomli jangovar o‘q-dorini olib, o‘zining qo‘l sumkasida saqlab kelgan.
Ibo Yusuf 2024 yil 24 noyabr kuni “Istanbul-Samarqand” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib, Turkiyadan Samarqand shahriga kelgan hamda jangovar o‘q-dorini kontrabanda kilish yo‘li bilan bojxona nazoratidan yashirib olib o‘tayotganida chegara bojxona posti xodimlari tomonidan to‘xtatib qolingan.
Jangovar o‘qdori ashyoviy dalil tariqasida aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan. Sud-kimyoviy ekspertizasi 9 mm kalibrli patron jangovar o‘q-dori turiga kirishi, zavod usulida ishlab chiqarilgani hamda “Yargina” (Grach) va “Glok” rusumli qurollarida otish uchun yaroqli ekani haqida xulosa bergan.
Ibo Yusuf sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan va 10 dona o‘q-dorini poligonda ishlatish uchun sotib olganini, shundan bir donasi sumkasida qolib ketganini, bundan bexabar bo‘lganini bildirgan.
Sud hukmi bilan Ibo Yusuf Jinoyat kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanib, BHMning 100 baravari miqdorida (37,5 mln so‘m) jarima jazosi tayinlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122707 | Инструменты