Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi ayrim maktabgacha taʼlim tashkilotlarida go‘yoki “karantin” joriy etilishi mumkinligi haqida turli xabarlar tarqalmoqda.
Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi:
Hozirgi kunda Toshkent shahrida karantin eʼlon qilinishiga sabab bo‘ladigan xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqaror.
Ijtimoiy tarmoqlarda aytilayotgan turli kasalliklar (qizamiq, meningit, gepatit, sil va boshqalar) bo‘yicha karantin eʼlon qilinishi zaruratini keltirib chiqaradigan holatlar mavjud emas.
Shuni taʼkidlash lozimki, har yili qishki mavsumda gripp va O‘RVI bilan kasallanish holatlari aholida mavsumiy ravishda ko‘payadi.
Shu sababli taʼlim tashkilotlarida bolalar salomatligini himoya qilish maqsadida ertalabki filtr (saralash) ishlari, tana haroratini o‘lchash, kasallik belgilari bor bolalarni vaqtincha ajratish, ota-onalarga tavsiyalar berish kabi profilaktik choralar olib boriladi.
Ayni shu filtr jarayonlari ayrim fuqarolar tomonidan “karantin” sifatida noto‘g‘ri talqin qilingan.
Fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslikni, faqat rasmiy manbalar orqali beriladigan maʼlumotlarga tayanishni so‘raymiz, deyiladi rasmiy bayonotda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20911 | Инструменты