Sardobada hodisasidan jabrlanganlarni uy-joy bilan ta'minlash va infratuzilmani tiklash uchun 100 mln dollar ajratiladi
“Sardoba suv ombori“ to'g'onida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatida jabrlangan fuqarolarni manzilli qo'llab-quvvatlash va infratuzilmani tiklash chora-tadbirlarini moliyalashtirish to'g'risida” Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Sardobadagi favqulodda hodisadan zarar ko'rgan fuqarolarni uy-joy bilan ta'minlash va infratuzilmani tiklash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg'armasidan qaytarib bermaslik asosida Davlat byudjetiga 100 mln dollar ekvivalentidagi mablag'lar ajratiladi.
Ushbu mablag'lar, tegishlicha vazirlik va idoralarga talafot ko'rgan hududlarda yo'l-transport infratuzilmasini, toza ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlarini, ijtimoiy soha ob'ektlari v.b. larni qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash ishlari uchun yo'naltiriladi.
Shuningdek, mablag'lar Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida uy-joyi buzilgan va yashab bo'lmaydigan ahvolga kelgan oilalarga 2020-2021 yillar davomida ko'p qavatli uylarni qurish hamda qurib bitkazilgan va sotilmagan xonadonlarni egalikka berish uchun yo'naltiriladi.
Qarorga ko'ra, mudofaa va huquq tartibot organlarining tadbirlari hamda ularga O'zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida ko'zda tutilgan jami 1,150 trln so'm miqdorigacha bo'lgan byudjet mablag'lari maqbullashtiriladi.
Maqbullashtiriladigan mablag'lar quyidagilarga yo'naltiriladi:
2020 yilda Prezident topshiriqlariga muvofiq hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo'yicha xarajatlar hisobidan quyidagilarga ajratilgan mablag'lar o'rnini qoplash uchun:
- Prezidentning F–5569-son farmoyishiga asosan Sirdaryo viloyati mahalliy byudjetiga ajratilgan mablag';
- Prezidentning PQ–4581-son qaroriga asosan 2019 yil 1 dekabrga qadar xususiy sheriklar tomonidan nodavlat bog'chalarni tashkil etish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash va jihozlash ishlari 25 foizdan kam bo'lmagan hajmda bajarilgan davlat-xususiy sheriklik to'g'risidagi bitimlar bo'yicha kreditlarni moliyalashtirish uchun ajratilgan mablag';
- Hukumatning 950-son farmoyishiga asosan fuqarolar va tadbirkorlarga tegishli yer uchastkalari olib qo'yilishi hamda ko'chmas mulk ob'ektlarining buzilishi oqibatida yetkazilgan zarar miqdori bo'yicha vujudga kelgan qarzdorlikni qoplash uchun Jizzax, Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg'ona viloyati hamda Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga ajratilgan mablag';
- Prezidentning PF–5953-son Farmoniga asosan yangi tashkil etiladigan kichik sanoat zonalariga barcha zarur infratuzilmalarni yetkazib berish uchun kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyalariga ajratilgan mablag';
- Prezidentning F–5567-son farmoyishiga asosan Buxoro viloyati mahalliy byudjetiga mablag' ajratish (shu jumladan, oldin ajratilgan mablag' o'rnini qoplash) uchun;
- Prezidentning PQ–4700-son qaroriga muvofiq yer maydonlarini foydalanishga kiritish maqsadida tuman byudjetlariga ajratilgan mablag'.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11421 | Инструменты