Ijtimoiy tarmoqlarda “Sardorga boʻgʻma ilon tashlandi. Yetimlar xavf ostida qoldi” sarlavhasi ostida video tarqaldi. Videoda xonadonga piton iloni kirib qolgani aks etgan.
Namangan viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi holat yuzasidan izoh berdi.
Qayd etilishicha, videodagi ilon turi Namangan viloyatidagi davlat hisobiga qoʻyilgan “Kosonsoy dorbozlari” nomli xususiy hayvonot bogʻiga tegishli. Hayvonot bogʻi direktorining taʼkidlashicha, ilon video olish uchun olib ketilgan va koʻp oʻtmay qaytarib berilgan. Ushbu ilon sunʼiy boqilishi natijasida odamlarga oʻrgatilgan, hech kimga hech qanday zarar yetkazmagan.
Ma'lumot uchun, Ekologiya vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qaror loyihasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritilgan.
Bunda yovvoyi hayvonlardan sirk tomoshalarida foydalanish, jamoat joylarida olib yurish va sayr qildirish, maxsus qafassiz boshqa joylarga tashish, hayvonlardan foydalangan holda foto va video tasvirlarga tushirish, telekoʻrsatuvlarda va boshqa tadbirlarda hayvonlarni namoyish etish maqsadida olib borish yoki boshqa shaxslarga foydalanishga berish, shuningdek, sotish, sovgʻa qilishni taqiqlash ko‘zda tutilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112223 | Инструменты