Huawei 1
Savdo-sanoat palatasi raisi: Elektromobillarga bojlarni gibrid avtomobillarniki bilan tenglashtirish kerak

Joriy yilning 26-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tadigan ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida elektrotexnika va avtomobilsozlik sohalarida faoliyat yuritadigan tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda Xitoy elektromobillari importini tartibga solish yuzasidan bildirilgan taklif ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov ushbu masala atroflicha o‘rganib chiqilganini maʼlum qilib, bu bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi.

"Birinchidan, elektromobillar importi bo‘yicha jahon tajribasi o‘rganilganda, yetakchi xorij davlatlarida ichki iqtisodiyotni himoya qilish maqsadida Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillarga qo‘shimcha bojlar joriy qilingani oydinlashdi. 

Xususan, Jahon savdo tashkilotining aʼzosi hisoblangan ushbu davlatlarda notarif bojlar miqdori quyidagicha belgilangan:

AQSHda avtomobil narxining 102,5 foizini,

Yevropa Ittifoqi davlatlarida — 38,1 foiz,

Turkiyada 50 foiz,

Braziliyada 2024 yilda 10 foizgacha, 2026 yildan esa 35 foizgacha.

Shuningdek, Turkiya misolida ko‘rish mumkinki, Xitoy elektromobillariga nisbatan 10 foizdan 50 foizgacha qo‘shimcha bojlar joriy qilinganidan so‘ng, BYD kompaniyasi ushbu mamlakatda 1 milliard dollarlik zavodini qurish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Ikkinchidan, boj tariflarining nol qiymatda saqlanib qolishi Xitoy elektromobillarining sifatli xizmat ko‘rsatish va hech qanday kafolatlarsiz ommaviy ravishda mamlakatimizga kirib kelishiga sabab bo‘ladi. “Alixpartners” konsalting firmasi ekspertlarining fikricha, 2030 yilga borib, Xitoyda elektromobil ishlab chiqaruvchi 137 ta kompaniyadan faqatgina 19 tasi daromadli biznes sifatida saqlanib qoladi. Tabiiyki, qolgan bankrot kompaniyalar o‘z elektromobillarini bojxona bojlari yo‘q bo‘lgan mamlakatlarga olib kirishga urinadi. Isteʼmolchilar esa mahalliy sharoitlarga mos bo‘lmagan, sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyati yo‘q bo‘lgan elektromobillarni sotib olish orqali katta xarajatlarga duchor bo‘lishlari mumkin.

Uchinchidan, butun dunyoda akkumulyatorlarni qayta ishlash masalasi dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib qolmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda biron bir loyiha mavjud emas. Elektromobillarga bojlarni gibrid avtomobillarniki bilan tenglashtirib, akkumulyatorlarni qayta ishlash bo‘yicha loyihalarga jamg‘armalar tashkil etib, yangi texnologiyalar jalb qilish kerak", deyiladi xabarda. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70608 | Инструменты