Hozirda qandolatchilik va salqin ichimliklar tarmog‘i mahalliy sanoatning drayveriga aylanib ulgurgani va ularni qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Shu bois shakarga aksiz to‘lovi bekor qilinishi belgilandi. Quruq sut importiga qo‘yilgan cheklovlar ham olib tashlanadi.
Buning hisobiga qariyb 40 ming odam ishlaydigan 5,5 ming qandolat va salqin ichimlik ishlab chiqaruvchi korxonalarning yillik aylanmasi kamida 50 trillion so‘mga yetadi.
Hozirda 2,5 mingga yaqin restoran va kafe QQS to‘lamoqda. Yil boshidan ularga QQSning 20 foizdan 40 foizgacha qismini keshbek sifatida qaytarish tizimi joriy qilingan edi. Lekin, hozirgacha bu imtiyozdan bor-yo‘g‘i 69 ta umumiy ovqatlanish korxonasi foydalangani ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, salqin ichimlik, tort, muzqaymoq kabi 200 dan ziyod mahsulot alohida-alohida sotilsa, keshbek berilmayapti. Vaholanki, ularga ham QQS to‘langan.
Soliq qo‘mitasiga bu boradagi tushunmovchiliklarni tartibga solib, adolatli tizimni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Prezident tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan yana bir masalaga to‘xtaldi.
Joylarda yer solig‘i va ijara to‘lovlariga oshiruvchi koeffitsiyent belgilayotganda uning biznesga ta’sirini o‘rganish, tadbirkorlarning imkoniyati va moliyaviy ahvolidan kelib chiqib, qaror qabul qilish muhimligini ta’kidladi.
«Tushumni ko‘paytirish soliq stavkasini oshirish hisobidan bo‘lmasligi kerak. Aksincha, tadbirkorga yordam berib, soliq bazasini kengaytirsak, tushum ko‘payadi, tadbirkorlar ham rozi bo‘ladi», – dedi prezident.
Endilikda tadbirkorlarga ushbu soliqlarni yilda ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50922 | Инструменты