Huawei 1
Shavkat Mirziyoyev shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi aʼzolariga tabrik yo‘lladi

Shavkat Mirziyoyev shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi aʼzolariga tabrik yo‘lladi.

Davlat rahbari tabrik avvalida shaxmatchilarni 200 ta davlat vakillari orasida faxrli uchinchi o‘rinni egallab, o‘zbek shaxmati tarixida yana bir yorqin sahifa ochgani bilan chin qalbdan muborakbod etgan.

Qadrli farzandlarim!

Avvalo, siz, azizlarni Vengriyaning Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasida munosib ishtirok etib, qariyb 200 ta davlat vakillari orasida faxrli uchinchi o‘rinni egallab, o‘zbek shaxmati tarixida yana bir yorqin sahifa ochganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

G‘oyat keskin va murosasiz musobaqalarda sizlar yuksak aql-zakovat, mustahkam iroda va matonat fazilatlarini namoyon etib, Xitoy, Serbiya, Armaniston, Germaniya, Ozarbayjon, Sloveniya, Ispaniya kabi manaman degan davlatlarning jamoalarini ortda qoldirganingiz ulkan tahsin va tasannolarga sazovordir.

Sizlarning timsolingizda Yangi O‘zbekiston yoshlari mana shunday aql va tafakkur bellashuvlarida qanday baland marralarni egallashga qodir ekanini ko‘rib, qalblarimiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘lmoqda.

Ushbu musobaqada yuksak intellektual salohiyatini namoyish etgan Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov, Nodirbek Yoqubboyev, Jahongir Vohidov kabi o‘g‘lonlarimiz erishgan natijalar biz uchun juda qadrlidir.

Ayniqsa, taxtalar kesimida Shamsiddin Vohidov oltin medalni, Nodirbek Abdusattorov kumush medalni qo‘lga kiritib, naqadar katta mahorat egasi ekanlarini yana bir bor isbotlaganlarini alohida ta’kidlash lozim.

Mard va jasur o‘g‘lonlarimiz qatorida Afro‘za Hamdamova, Nilufar Yoqubboyeva, Umida Omonova, Marjona Malikova, Nodira Nodirjonova singari azmu shijoatli shaxmatchi qizlarimiz ham musobaqalarda munosib ishtirok etib, bor kuch-g‘ayrati va mahorati bilan Vatanimiz sharafini himoya qildilar.

Ular o‘tgan olimpiadada ko‘rsatgan natijalarini yaxshilab, 170 mamlakat o‘rtasida 12-o‘rinni egallaganlari albatta e’tiborga molikdir. Matonatli qizimiz Nodira Nodirjonova taxtalar kesimida faxrli 2-o‘rinni egallab, kumush medal bilan taqdirlangani ayniqsa quvonchlidir. Ularning barchasini samimiy qutlab, kelgusi musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni zabt etishlarini tilayman.

Albatta, O‘zbekiston shaxmat ustalari qo‘lga kiritgan ulkan yutuq Yangi O‘zbekistonda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor, sport va uning eng intellektual turi bo‘lgan shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarimizning amaliy natijasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Hech shubhasiz, bunday muvaffaqiyatlar xalqimizni ezgu maqsadlar yo‘lida yanada birlashtiradi, ming-minglab yoshlarimiz uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Fursatdan foydalanib, siz, aziz farzandlarimga, erishgan yutuqlaringizga katta hissa qo‘shgan tajribali ustoz va murabbiylaringiz, butun jamoangiz a’zolariga, sizlarni qo‘llab-quvvatlab turgan ota-onalaringiz va barcha muxlislaringizga o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan chin dildan samimiy minnatdorlik bildiraman.

Sizlarga jonajon O‘zbekistonimiz 2026 yilda ilk bor mezbonlik qiladigan navbatdagi jahon shaxmat olimpiadasida ham eng yuksak cho‘qqilarni zabt etish nasib etsin!

Barchangizga sihat-salomatlik, baxt va saodat, kelgusidagi o‘qish va ishlaringizda katta muvaffaqiyatlar tilayman. Zafarli yurishlaringiz doimo bardavom bo‘lsin, aziz farzandlarim!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92400 | Инструменты