Huawei 1
Shoir va dramaturg, respublikada eng ko‘p tomoshabin ko‘rgan film muallifi Haydar Muhammad vafot etdi

Bugun, 9-oktabr kuni taniqli shoir va dramaturg Haydar Muhammad vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi.

Haydar Muhammad 1936-yili Toshkentda tavallud topgan. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining kechki filologiya bo‘limini tugatgan. “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.

Uning birinchi she’riy to‘plami “Ko‘nglim mening” nomi bilan 1975-yilda nashr bo‘lgan. Shundan so‘ng “Olchamning tug‘ilgan kuni”, “Yo‘llaringga mushtoqman”, “Ipak gilamlar”, “Hazilkash shoh” kabi she’riy va dramatik asarlari, to‘plamlari chop etilgan. Haydar Muhammadning “Xotinlar “gap”idan chiqqan hangoma”, “Sab’ai sayyor” (Navoiy dostoni asosida), “Hazilkash shoh”, 2Sehrgar va ayyor”, “Jinoyat ustida ushlansin”, “Elyor botir” kabi drama va komediyalari Hamza nomidagi O‘zbek davlat akademik drama teatri, Muqimiy nomli respublika musiqali teatri, viloyat teatrlarida sahnalashtirilgan.

“Xotinlar “gap”idan chiqqan hangoma” komediyasi asosida suratga olingan “Temir erkak” filmi respublikada eng ko‘p tomoshabin ko‘rgan asarlardan biridir.

Respublika xalq teatrlari adibning “Ipak gilamlar”, “Navoiy bir kuni”, “Ulug‘bek sharofati”, “Beruniyning baxt eshigi”, “Sevgi jazavasi”, “Sobir Rahimov va xoin”, “Chiroyli ayolning iltimosi” kabi asarlarini ham sahnalashtirgan.

"UzReport" axborot agentligi adibning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga