Senatning ellik ikkinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jamiyatimizning barcha qatlamlariga kirib bormoqda. Qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustahkamlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Inson qadri ustuvorligi, insonparvarlik va adolatparvarlik islohotlarimizning bosh g‘oyasiga aylanib ulgurdi.
Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida mahkumlarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, ularning shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishini taʼminlash borasida ham choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan, Jinoyat-ijroiya kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq mahkumlarning o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi, shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga), Bola huquqlari bo‘yicha vakiliga (Bolalar ombudsmaniga) hamda insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlarga murojaat qilishga bo‘lgan huquqlari mustahkamlanmoqda.
Qolaversa, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarning saylovlarda hamda referendumda ishtirok etishga bo‘lgan huquqi kafolatlanmoqda.
Unga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, bunday mahkumlarning insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlarga murojaat etish huquqi qayd etilmoqda.
Shuningdek, agar og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlar tegishli saylovlarda hamda referendumda ishtirok etish huquqidan qonunga muvofiq va sudning hukmi asosida mahrum etilgan bo‘lmasa, ular ushbu saylovlarda va referendumda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lishi belgilanmoqda.
Mahkumlarning o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi huquqi mustahkamlanmoqda.
Xususan, kiritilayotgan qo‘shimchalarga ko‘ra mahkumlar o‘ziga nisbatan inson shaxsiga xos bo‘lgan shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga egadir.
Jazoni ijro etish muassasalarining xodimlari mahkumlarga nisbatan insoniy muomalada bo‘lishi shart, mahkumlarga nisbatan intizomiy jazo choralari va boshqa majburlov choralarini qo‘llashda Kodeksda belgilangan asoslardan hamda tartibdan chetga chiqishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mahkumlarda ularning roziligisiz tibbiy va ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emasligi qatʼiy belgilanmoqda.
Bundan tashqari, mahkumlarning Ombudsmanga hamda Bolalar ombudsmaniga murojaatlar qutisi orqali murojaat qilishi, murojaat qilish qutilarining o‘rnatilishi, ochilishi, foydalanishi, shuningdek, murojaatlarni yuborish tartibi yangi normada o‘z ifodasini topmoqda.
Muhokama davomida senatorlar qonun qabul qilinishi natijasida mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari yana-da ishonchli himoya qilinishiga, jinoyat-ijroiya qonunchiligini xalqaro huquqning prinsiplari va normalari bilan uyg‘unlashtirishni taʼminlashga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51915 | Инструменты