Ma’lumki, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi va uni tasdiqlash to‘g‘risidagi prezidentning tegishli farmoni loyihasi keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan o‘tkazilmoqda.
Loyihada “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining 5 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha 2025 yil uchun amaliy chora-tadbirlar, normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati va har bir yo‘nalish kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlar nazarda tutilgan. Davlat dasturi loyihasining 4-yo‘nalishi hisoblangan “Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish” yo‘nalishida 34 ta amaliy tadbir rejasi, 22 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi va 40 ta maqsadli ko‘rsatkich nazarda tutilgan.
Xususan, loyihada Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoya qilinishini ta’minlashni sud-huquq islohotlarining bosh mezoniga aylantirish maqsadida sudlar faoliyatini raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish ko‘zlangan.
Bunda sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, “SMART SUD” konsepsiyasi asosida ishlarni bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklda yuritish amaliyotini joriy qilish va Oliy sud huzurida Axborot texnologiyalari markazini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Sudlar faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish esa bir qator qulayliklarni vujudga keltiradi. Xususan, elektron hujjatlar aylanishini tezlashtirish, tegishli axborotlarni тўплаш, ishlash, tizimlashtirish va saqlanishini ta’minlaydi. Shu bilan birga, sud muhokamasi ishtirokchilarini axborot tizimi orqali elektron shaklda xabardor қилish kabi qulaylik yaratadi. Bugungi kunga kelib sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining bir qator dasturlari tatbiq etildi. Xususan, sudlarga masofadan turib murojaat qilish, sud majlislarida videokonferensaloqa tizimi orqali ishtirok etish, sudyalar o‘rtasida ishlarni avtomatik tarzda taqsimlash belgilandi.
Shuningdek, sud qarorlarini internet tarmog‘ida e’lon qilish va uni fuqarolar oson olishi, ijro hujjatlarini elektron shaklda majburiy ijroga yuborish, har qanday yuridik va jismoniy shaxs da’vo ariza va shikoyatlarini exsud.sud.uz sayti orqali elektron ko‘rinishda taqdim etishi mumkin.
Oliy sud tomonidan my.sud.uz sayti orqali “Sudga elektron murojaat yuborish”, “Sudga murojaat namunalari”, “Davlat boji kalkulyatori”, “Elektron to‘lov tizimi”, “Sud qarorlarini onlayn olish” kabi interaktiv xizmatlarning yo‘lga qo‘yilgani fuqarolarning murojaat qilish imkoniyatini kengaytirmoqda. Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yilda “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganini qayd etish lozim. Mazkur hujjatga muvofiq, sun’iy intellekt texnologiyalari rivojlanishining joriy holati va xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalarini hisobga olgan holda mamlakatimizda sun’iy intellektni keng qo‘llash, jadal rivojlantirish maqsad va vazifalari belgilandi.
Darhaqiqat, islohotlar aholining davlatga va sud-huquq tizimiga bo‘lgan ishonchini yuksaltirib, jamiyatda ijtimoiy adolatni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Sudlar faoliyatini raqamlashtirish va “SMART SUD” konsepsiyasini joriy etish orqali odil sudlov sifatini yanada yaxshilash, fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchini oshirish ko‘zlangan. Bu, shubhasiz, xalq manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga zamin yaratadi.
Bundan tashqari, sud protsessida sun’iy intellektdan foydalanish sudyaning tahliliy ishini optimallashtirish, protsessual tejamkorlik tamoyilini amalga oshirishni ta’minlashi mumkin. Bu esa nizolarni ko‘rib chiqish vaqtini qisqartiradi. Shuningdek, sun’iy intellekt sud qarorlarini chiqarishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatolarni kamaytirish orqali qarorlarning asosliligini yangi bosqichga olib chiqishga va sud ish yuklamasini yengillashtirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, fuqarolik sud ishlarini yuritishni raqamlashtirish, шуbhасиз, sud орқали himoyalanish uchun qulayliklar yaratadi. Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, ish sifatini ta’minlab, muayyan vazifalarni amalga oshirishni soddalashtiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11613 | Инструменты