Soliq tushumlari davlat byudjetini shakllantirishda eng muhim manba hisoblanadi. Shunday ekan, soliq to‘lovlaridan bo‘yin tovlash yoki qochish holatlarini bartaraf etish dolzarb ahamiyatga ega.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilayotgan soliq va tadbirkorlik sohasidagi huquqiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ayni masalalar bilan bog‘liq. Loyiha ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama etildi.
— Mamlakatimizda soliq sohasidagi munosabatlarni takomillashtirish, biznes muhitini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, — dedi deputat Firdavs Qurbonov. — Soliq sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida mazkur qonun loyihasi bilan sohadagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish, xufiyona aylanmalarga barham berish, soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy normalar aks ettirilmoqda. Shuningdek, sudga qadar va sud muhokamasi davomida yetkazilgan zarar to‘liq qoplangan taqdirda javobgarlikdan ozod qilishni, vakolatli organlarning tergovga qadar tekshiruv harakatlarini amalga oshirish hamda maʼmuriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish bilan bog‘liq vakolatlarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Shu bilan birga, soliq sohasidagi huquqbuzarlik uchun qo‘shimcha hisoblangan mablag‘lar tergov organi depozit hisob raqamidan byudjetga o‘tkazilguniga qadar penya hisoblanmasligi o‘z aksini topmoqda. Shuningdek, mulkdorning yer uchastkasi jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganda, mulkning bozor qiymatida to‘lab berilgan kompensatsiya miqdorini soliq daromadi tarkibiga kiritmaslik belgilanmoqda.
Muhokamalarda deputatlar qonun loyihasidagi ayrim normalar bo‘yicha savol va takliflarni o‘rtaga tashladilar. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42318 | Инструменты