Huawei 1
Sport sohasidagi korrupsiya uchun javobgarlik belgilanmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Sport sohasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

Mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova ma’lumot berdi.  
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda sportni ommalashtirish, ayniqsa, boks, gimnastika, futbol, shaxmat va kurash kabi sport turlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, respublikamizning barcha hududlarida, hatto eng olis tumanlarida ham zamonaviy sport infratuzilmalari barpo etilmoqda. Sohadagi ijobiy ishlar va yutuqlar birga korrupsiya holatlari ham mavjudligi aytildi. Bu esa sportchilarda, sohaga kirib kelayotgan havaskorlarda, qolaversa, millionlab tomoshabinlarda sportga bo‘lgan ishonchning yo‘qolishiga sabab bo‘ladi.  

– Aslida sport tinchlik, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik uchun xizmat qiladi,– dedi  S. Ortiqova.  – Agar sportda korrupsiya bo‘ladigan bo‘lsa ana shu do‘stlik va tinchlikka raxna soladi. Shuningdek, sportdagi korrupsiya sport federatsiyalari, klublari va sportchilarning moliyaviy holatiga hamda davlatning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tibori va nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.  

Shu bois, bugungi kunda sohadagi qonunchilik hujjatlariga sportdagi korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan normalarni kiritish, tegishli me’yor hamda qoidalarni qabul qilish zarurati yuzaga kelmoqda.  

Mazkur qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksining ayrim normalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. 

Ya’ni, sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi, sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarini pora evaziga og‘dirib olishi uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. 

Bu sport sohasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga, barcha uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga, qolaversa O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni ko‘tarilishiga xizmat qiladi.  

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilinib, birinchi o‘qishda qabul qilindi.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122510 | Инструменты