Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov bir guruh amaldorlarga bog‘cha hududida turib qandaydir binoni buzish bo‘yicha topshiriq bergani aks etgan videolavha tarqaldi. Unda hokim o‘zi nazarda tutayotgan binolarni hatto ichidagi odami bilan ko‘mib tashlashni buyurgan.
“Bog‘cha hududiga kirganlarning hammasining huquqiy hujjatlarini ko‘tarasan. Yo‘g‘ini hech kimni eshitmasdan buzasan, Mo‘min (Buxoro shahri hokimi o‘rinbosari Mo‘min Amonov – tahririyat). Sud-pud demasdan, bugunning o‘zida buzib tashlaysan. Narsasi, ichidagi odami bilan ko‘mib tashlaysan. Bo‘ldi endi, sud-pud deb, hammasini erkalatganimiz. Orqadan eshik ochganning hujjatini ko‘rasan”, – degan Botir Zaripov.
Shuningdek, viloyat hokimi IIB boshlig‘iga agar qoniqarli ishlamasa, “tinchroq tumanga jo‘natib yuborishi”ni aytgan.
“O‘rtoq nachalnik, siz “yest”dan oldin... Kechayam viloyat hokimi kelyapti, men kuzatdim, bemalolroq bo‘lgansizlar butunlay shaharda. Bugun ham bu yerda ahvol haminqadar. Yo bu jinoyatchilikka omil bo‘luvchi holatlarning oldini oling, yo bo‘lmasa sizni tinchroq tumanga jo‘natay. “Ujye” men topshiriq berdim. Tushundingizmi? O‘zgarish qiling”, degan hokim.
Botir Zaripov shu yerning o‘zida bu masalaga javob beradigan shahar hokimi o‘rinbosariga intizomiy jazo qo‘llashini bildirgan. “Agar shahar bo‘yicha ijtimoiy soha obektlari men aytgan nuqtayi nazardan tanqidiy ko‘rib tuzatilmasa, u kishiga javob beriladi. Bu shahar hokimining hamma o‘rinbosarlariga “urok” bo‘lsin”, degan Botir Zaripov.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61410 | Инструменты